Davlatimiz rahbarining joriy yil 25-may kuni maktab bitiruvchilariga yoʻllagan tabrigida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yildagi 9 foizdan 2020-yilda 25 foizga yetgani, mazkur koʻrsatkichni joriy yilda 28 foizga, 2030-yilda 50 foizga yetkazish – asosiy vazifa ekani alohida taʼkidlandi.
Ushbu vazifaning qisman ijrosi toʻrtkoʻlliklar hayotida aks etdi, desak xato boʻlmaydi. Sababi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatining markazdan ancha uzoqda joylashganligi, ekologik muammolarning mavjudligi, shoʻrlanish darajasining kuchliligi hamda hududning kattaligi sabab bir-biridan oraliq masofalarning uzoqroq joylashganligi koʻpgina sohalar singari iqtisodiy sohani rivojlantiruvchi kadrlarni tayyorlash zaruratini ham keltirib chiqargan edi. Shundan kelib chiqib, hudud aholisi uchun ajoyib tashabbusga qoʻl urildi: Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-maydagi 07/122-52-son topshirigʻiga asosan tumanda Toshkent davlat iqtisodyot universitetining fakulteti ochiladigan boʻldi. Fakultetda 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab iqtisod, moliya va buxgalterlik ishi yoʻnalishlarida qabul yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur fakultetda nafaqat uchta viloyat yoshlari, balki qoʻshni Turkmanistondan ham ilmga chanqoq oʻgʻil-qizlar tahsil olishlari mumkin.
Iqtisodiy bilimga ehtiyoj
Toʻrtkoʻl tumani Qoraqalpogʻiston Respublikasining birinchi poytaxti boʻlib, aholisi azal-azaldan taʼlimga, iqtisodiy oʻsishga intilib, hududning madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlib kelgan. Tuman aholisining 60 foizdan ortigʻini oliy maʼlumotli boʻlish istagida boʻlgan yoshlar tashkil etadi.
Esimda, 1994-yillarda Toshkent shahridan ancha uzoqlikda yashayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari aholisining yangi bank, moliya va soliq tizimida ishlashni boshlagan yosh xodimlarining kasbiy malakalarini oshirish, ushbu sohalarni yana-da kengaytirish, mutaxassislarni tayyorlash, oʻkitish va ularni oʻzlari yashayotgan hudud aholisidan tayyorlash ehtiyoji paydo boʻlgan edi. Mazkur hududlarda ushbu sohalarda ish boshlagan yosh mutaxassislar markazdagidek yangicha ishlashni hali yaxshi bilishmasdi. Malakasini oshirish uchun ularni Toshkent shahrida kamida bir oy oʻqitish va qayta tayyorlash uchun xizmat safariga joʻnatish taqozo etilardi. Buning ustiga, ushbu kurslarga borish uchun hammaning ham imkoniyati yetarli boʻlmagan. Shuningdek, bank sohasida ishlayotgan xodimlarning koʻpchilik qismi xotin-qizlar boʻlganligi, ularning oilaviy sharoiti toʻgʻri kelmaganligi ham vaziyatni ancha murakkablashtirardi. Bunga ushbu toifaga kiruvchilarning iqtisodiy va moddiy (moliyaviy) jihatdan imkoniyatlari cheklanganligi ham oʻz taʼsirini koʻrsatardi.
25 yil davomida 9 ming yosh bank sohasini oʻrgangan
Yuqoridagi haqiqiy vaziyatni inobatga olgan holda Agrobank (oldingi Paxta bank) boshqaruvi tomonidan respublikamiz markazidan ancha uzoqda boʻlgan mazkur hududlarda Mintaqalararo bank oʻquv markazlarini ochib, xodimlarni oʻqitish va qayta tayyorlash yoki Bank kollejlarini ochish takliflari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi kengashiga taqdim qilindi.
1996-yili Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tumanda Bank kolleji tashkil etildi. Shu bilan birga bu davrda mazkur kollej binosida tayanch guruh sifatida qoʻshimcha ravishda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining 2-mutaxassislik boʻyicha Oliy oʻquv yurtiga sirtdan oʻqish uchun sharoit yaratildi. Unda 900 nafardan ortiq mutaxassis ikkinchi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotli boʻldi.
Bu esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida yashayotgan aholining farzandlarini ham qoʻshib hisoblaganda koʻplab kishilarning iqtisod sohasida, xususan, uning bank ishi yoʻnalishida oʻqib, taʼlim olishiga, bank xodimlarining kasbiy malakalarini oshirish, qayta tayyorlash va kayta oʻqitish imkonini berdi.
1995-2019-yillarda, yaʼni oʻtgan 25 yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va buxoro viloyatlaridan 9 000 nafardan ortiq oʻgʻil-qiz mazkur Bank kollejini tugatib, shu soha boʻyicha oʻrta maxsus diplomga ega boʻldi. Ular bugungi kunda iqtisodiyotimizning barcha sohalarida samarali mehnat qilmoqda.
Bank kolleji endi fakultetga aylanadi!
Respublika boʻylab kollejlar faoliyati tugatila boshlangan davrda mazkur kollej ham yopildi. Uning binosi esa, tabiiyki, biroz eʼtibordan chetda qoldi, boshqa taʼlim muassasasi maʼmuriyatiga berib yuborildi. Shunday boʻlishiga qaramasdan, tuman ziyolilari harakatlarida iqtisodiy sohadagi taʼlimni rivojlantirishga intilish va harakat susaymadi.
Toʻrtkoʻl bank kolleji oʻquv binosining loyihaviy quvvati 600 ta oʻrinni, amalda esa bir smenada 720 ta oʻrinni tashkil etadi. Yotoqxona, oshxona, 2 ta oʻquv binosi, 1 ta ARM binosi, faollar va sport zallari mavjud. Demak, ushbu binoning nafaqat fakultet, balki universitetning filiali boʻlishiga ham imkoniyati yetarli.
Shundan kelib chiqib, Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Toʻrtkoʻl bank kolleji negizida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining texnikumi va filiali tashkil etilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Buning natijasida, bu ikki ilm dargohining koʻp yillik birgalikda olib boradigan samarali mehnatlari meva berib, mahalliy aholining iqtisodiy soha mutaxassislariga boʻlgan talab va ehtiyojlari qondirilar edi.
Toʻrtkoʻlliklar shu kunlar kelishiga ishonadi. Sababi, Hukumat, xususan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda boshqa tegishli tashkilot rahbarlari bizning bu yoʻnalishdagi takliflarimizga befarq boʻlmadi. Aksincha, ularning har biri bizning bu harakatlarimizni toʻliq qoʻllab-quvvatlab, tegishli yoʻl-yoʻriqlarni koʻrsatishdi. Biz ushbu qarorni saylov oldi olib borilayotgan islohotlarning eng xayrlilaridan biri boʻldi, deb hisoblaymiz va Yurtboshimizni qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz.
Qadimdan Qoraqalpogʻistonning yuragi boʻlib kelgan Toʻrtkoʻl tumani 2023-yilda 150 yoshga toʻladi. Oʻylaymizki, ungacha fakultet texnikum va filial darajasigacha kengayadi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti texnikumi va filialining yoʻlga qoʻyilishi tumanning 150-yillik toʻyiga munosib sovgʻa boʻlar edi. Ana shunda aholining eng ishchan qatlami boʻlgan bahodir yigit-qizlarimiz migrant boʻlib, oʻzga yurtlarga rizq izlab ketmasdi. Aksincha, ota-onasi va oilasi bagʻrida oliy maʼlumotli boʻlib, tuman, viloyat va respublika iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqishda oʻz hissasini qoʻshadi.
Roʻzimboy QURBONOV,
iqtisod fanlari nomzodi