Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ekstremistik va terroristik tashkilotlarning 67 ta yashirin guruhlari faoliyatiga chek qoʻyildi.
Ekstremizm va terrorizmga aloqadorlikda ayblanib, xorijda yashirinib yurgan 98 nafar Oʻzbekiston fuqarosi mamlakatimizga olib kelindi hamda javobgarlikka tortildi.
Shuningdek, 747 kg.dan ortiq giyohvand moddalar, 251 ming dona psixotrop tabletkalar, 594 dona qurol, 4.781 dona oʻq-dori va 24,4 kg portlovchi moddalar noqonuniy muomaladan olindi.
540 dan ortiq korrupsiya bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi.
Byudjet va kredit mablagʻlarining talon-taroj qilinishi hamda maqsadsiz ishlatilishi bilan bogʻliq holatlar aniqlanib, 557 mlrd. soʻm davlat foydasiga undirildi.
Noqonuniy migratsiya va odam savdosiga aloqador 102 ta jinoiy guruh fosh etildi.
Davlatimiz sarhadlaridan noqonuniy olib oʻtilgan 58,3 mlrd. soʻmlik tovar-moddiy boyliklar qoʻlga olindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga koʻra amalga oshirilgan “Mehr 3” va “Mehr 4” gumanitar operatsiyalari doirasida Suriya va Afgʻoniston davlatlarida ogʻir sharoitda qolgan 122 nafar ayollar va bolalar mamlakatimizga olib kelindi.