Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi Vakolatxonasi hamkorligida “Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” qoʻshma loyihasiga start berildi.
Bugun poytaxtimizda tashkil etilgan tadbirda BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Matilda Dimovska hamda Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev loyiha yuzasidan keng jamoatchilikka maʼlumot berdi.
Ushbu loyiha Global ekologik jamgʻarmaning 3,57 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlari va BMT Taraqqiyot Dasturining 300 ming AQSH dollari miqdoridagi resurslari hisobiga moliyalashtiriladi.
Loyiha Transport vazirligi tomonidan, vazirlik, idora va tashkilotlar bilan xamkorlikda 2022-2027-yillar davomida amalga oshiriladi. Loyihaning Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qoʻshma moliyalashtiriladigan qismi 25,57 mln AQSH dollarini tashkil etadi.
Mazkur loyiha davomida Toshkent shahrining Shota Rustaveli koʻchasini rekonstruksiya qilish, unda piyoda va velosiped yoʻlaklari, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yoʻlaklarni koʻzda tutish orqali mazkur koʻchada yashil shahar transport yoʻlagini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, yashil shahar transport yoʻlagida elektrobuslar qatnovini yoʻlga qoʻyish, buning natijasida ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik koʻrsatkichlarni yigʻish va tahlil qilish hamda erishilgan natijalar asosida Oʻzbekistonda elektrotransportni rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasi va strategiyalarni ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, loyihaning ijobiy tajribasi asosida yashil shahar transport yoʻlaklarini Oʻzbekistonning boshqa shaharlarida ham joriy etish rejalashtirilmoqda.
Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad transport orqali atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini qisqartirish yoʻli bilan shaharlar va aholi yashash punktlarini inklyuziv, xavfsiz va barqaror boʻlishini taʼminlash hamda iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashishda shoshilinch choralarni koʻrishdan iborat.