Aniqlanishicha, 32 yoshli “Hulkar” ismli shaxs bir necha yillardan buyon noqonuniy moddiy daromad topish maqsadida fohishaxona saqlash, qoʻshmachilik qilish faoliyati bilan shugʻullanib kelgan. Toshkent shahridan bir nechta xonadonlar sotib olib, xonadonning ayrimlariga 3-4 nafar fohishalarni joylashtirib, qolgan xonadonlarni oʻzi bilan muqaddam fohishalik bilan shugʻullangan ayollarga ijaraga berganligi maʼlum boʻlgan.
Dastlabki tergov hujjatlariga koʻra, “Hulkar” turmush oʻrtogʻi “Ashraf” va yana ikki nafar shaxslar bilan ushbu fohishaxonalar faoliyatini muntazam ravishda kuzatib, har bir xonadonning ijarasi uchun 400-600 AQSH dollarigacha oylik ijara pullarini olgan. Bundan tashqari “tungi kapalaklar”ni yoʻqlagani kelgan har bir mijozdan olgan pullarni oʻzaro teng taqsimlashga kelishib, ularning monitoringini xonadonlarga oʻrnatilgan videokuzatuv kameralar yordamida mijozlar soni hamda ularning xizmat koʻrsatish vaqtini kuzatib boradigan navbatchilar yollangan.
Shuningdek, fohishalar guruh-guruhga boʻlinib, ularga maxsus nazoratchi biriktirgan (starshiy). Fohishaxonalardan tushgan pullarni yigʻib kelish uchun Mirazim V., ismli shaxs masʼul boʻlib, kunlik tushgan pullarni uyushgan guruh rahbariga olib kelganligi hamda maxsus hisobot daftari yuritilganligi aniqlangan. Qizlarni ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilib ularni anketalarini joylashtirish boʻyicha ish shtati ham mavjud boʻlgan.
Tezkor tadbir natijasida bir nechta uylarda oʻtkazilgan tintuv jarayonida uyali telefon apparatlari, planshet, kuzatuv kameralari, elektron yigʻish qurilmalari, “Regopen” dori vositalari, qayd etish daftari, shaxsiy intim vositasi, shuningdek 1.120 AQSH dollari va 5.130.000 soʻm qiymatidagi pullar aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Hulkar”, “Ashraf”, “Mirazim” va “Elbek” ismli shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 4-qismi “B” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ular gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlanib, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 131-moddasi 4-qismi “b, v” bandlari (takroran, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) va 135-moddasi 3-qismi “g” bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan odam savdosi) bilan ayb eʼlon qilinib, har biriga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti