“Toshkent-2025” Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishda Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) eng asosiy hamkorlardan biridir.
Prezidentimiz boshchiligida 2025-yil Toshkentda boʻlib oʻtadigan yoshlar Osiyo oʻyinlariga ulkan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Yurtboshimizning topshiriqlariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamkorlikda keng koʻlamdagi ishlarni yoʻlga qoʻydi. Shubhasiz, boʻlajak musobaqaga tayyorgarlik doirasida xalqaro tashkilotlar bilan hamfikr boʻlish talab etiladi. Bu borada Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) eng asosiy hamkorlardan biridir.
Oʻzbekiston tomoni va OOK rahbariyati oʻrtasida musobaqaga tayyorgarlikni puxta tashkil qilish yuzasidan onlayn uchrashuv tashkil qilindi. Unda OOK Bosh direktori Husayn Al Musallam, Osiyo oʻyinlari departamenti direktori Haydar Farmon, MOQlar bilan ishlash departamenti direktori Vinod Kumar, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, MOQ Bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.
Uchrashuv kun tartibiga muvofiq “Toshkent-2025” dasturiga kirishi kutilayotgan sport turlari va bu borada OOKning tavsiyalari, musobaqani oʻtkazish boʻyicha xalqaro talab va qoidalar, televideniye va bellashuvlarni translyatsiya qilish, tayyorgarlikni oʻrganish uchun OOK maxsus guruhining tashrifi mavzularida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Onlayn yigʻilishda “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov musobaqa tashkiliy masalalari, olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari yuzasidan OOK rasmiylariga maʼlumot berdi. Shuningdek, musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik bevosita hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi ostida amalga oshirilayotgani, kompleks rejalar haqida ham toʻxtalib oʻtdi.