Toshkent aeroportida mehmonxona ochildi

    Turizm 30 Yanvar 2024 1085

    Poytaxt aeroportining joʻnab ketish terminalida mehmonxona rasman oʻz faoliyatini boshladi.

    Mehmonxona joʻnab ketish terminalining kutish zalida, “Art Bazar” majmuasining chap tomonida joylashgan. Mehmonxonada ikki qavatda 24 ta kichik-xonalar mavjud. Shuningdek, birinchi qavatda yuvinish va xojatxona, roʻyxatga olish peshtaxtasi va maʼlumot tablosi boʻladi, har bir xonada esa individual bortga taklif qilish tizimi mavjud.

    “Xonalar toʻliq oʻlchamli bir kishilik yotoq va minimal jihozlar — chiroq, oyna, kiyim ilgich, qoʻl yuki uchun javon, stol bilan jihozlangan kichik shinam kabinalar kabi qurilgan. Mehmonxonaning mohiyati shundaki, yoʻlovchi transfer paytida aeroportdan chiqmasdan yoki tranzit zonasini tark etmasdan bu yerda bir necha soat qolishi mumkin”, — deyiladi kompaniya matbuot xizmatida.

    E-auksion.uz elektron platformasidagi savdolar orqali umumiy maydoni 240 kv.m boʻlgan mehmonxona xususiy kompaniya boshqaruviga oʻtkazildi va “Khamsa Hotel” brendi ostida faoliyat yuritadi. Operator tomonidan belgilangan mehmonxonadan foydalanish tariflari foydalanish muddati va xona klassiga qarab 30 dan 150 dollargacha boʻladi: 24 ta xonadan 23 tasi standart, 1 tasi lyuks xona boʻlib, oilaviy yoʻlovchilar uchun moʻljallangan.

    Taʼkidlash joizki, mehmonxona sharqona uslubda taniqli mahalliy rassom Bobur Ismoilov tomonidan yaratilgan.

    “Poytaxt aeroporti koʻz oʻngimizda zamonaviy xalqaro darajaga yetmoqda va men uning oʻzgarishiga oʻz hissamni qoʻshganimdan juda xursandman. Bizning loyihamiz dunyoning koʻplab aeroportlaridagi oʻxshash mehmonxonalardan butunlay boshqacha uslubda ishlab chiqilgan. Biz mehmonxonaga Sharqona hashamatni berishni, xonalarda esa Yevropa minimalizmi va ixchamligini saqlashga harakat qildik. Afsuski, har bir tranzit yoʻlovchi Oʻzbekistonda qolib, qadimiy shaharlar va madaniyatni tomosha qila olmaydi. Shunday ekan, maqsadimiz aeroportning oʻzida haqiqiy sharqona muhitni yaratish edi”, — deydi Bobur Ismoilov.