Yoʻlovchilarning mustaqil roʻyxatdan oʻtkazish kiosklarini mamlakatimizning boshqa barcha xalqaro aeroportlarida ham joriy etish rejalashtirilgan.

Qoʻlida yuki bilan yoʻlga chiqqan va oʻz reysiga kiosk orqali roʻyxatdan oʻtgan yoʻlovchilar yuklarini odatdagidek reysga roʻyxatdan oʻtkazish toʻxtatilgunga qadar topshirish imkoniga ega boʻladi.

Hozirgi paytda boshqa koʻpgina doimiy reyslarning toʻxtatilib turganligi tufayli ushbu imkoniyatdan faqatgina “Turkish Airlines” aviakompaniyasining yoʻlovchilari foydalanyapti. Doimiy reyslarning tiklanishi bilan boshqa aviakompaniya yoʻlovchilari ham bunday qulaylikdan foydalanishi mumkin boʻladi.

Shuningdek, “Uzbekistan Airports” AJ va Toshkent aeroporti “SITA” kompaniyasi bilan birgalikda yoʻlovchilarga mustaqil roʻyxatdan oʻtish jarayonida yuklarni ham mustaqil topshirish imkonini beruvchi SITA Self-BagDrop tizimini joriy etish ustida ish olib boryapti, deb xabar beradi aeroport matbuot xizmati.

“Uzbekistan Airports” AJ yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish tezligini oshirish, yoʻlovchilar uchun qulaylik yaratish, hamda aeroportning ish bajarish quvvatini oshirishga xizmat qiladigan raqamli texnologiyani joriy etish ishlarini davom ettiradi.