UzA'ning yozishicha, loyiha birinchi bosqichda Toshkentdan Angrengacha boʻlgan 171 kilometr yoʻl va Qamchiq dovonini qamrab oladi. 2025-yil 21-yanvarda loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
Jahon banki koʻmagida “Arup and Partnerʻs”, “PWC” va “CMS Cameron” kabi nufuzli xalqaro konsultantlar jalb etilgan boʻlib, ular hukumatga xususiy sheriklarni tanlashda maslahatchi sifatida yordam bermoqda.
Tender jarayoni ikki bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi bosqichda ishtirokchi kompaniyalar dastlabki malakalashdan oʻtish uchun hujjatlarni taqdim etadi. Ikkinchi bosqichda esa saralangan kompaniyalar texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi. Gʻolib davlat-xususiy sheriklik qonunchiligi asosida shartnoma imzolash orqali aniqlanadi.
Toshkent-Andijon pulli avtomobil yoʻli Oʻzbekistonning yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va transport xizmatlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Loyihaning davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi zamonaviy texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etishga imkon beradi. Bu nafaqat transport sohasini rivojlantiradi, balki mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga ham hissa qoʻshadi.