Toshkent-Andijon pullik avtomobil yoʻlini qurish boʻyicha dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar (DTIA) Jahon banki konsultantlari tomonidan ishlab chiqildi va 2020-yilda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi.

Loyiha boʻyicha “Investitsiyadan oldingi tadqiqot” (Pre-investment study) ni oʻtkazish boʻyicha konsultantni aniqlash ishlari boshlanish arafasida. Bir yildan koʻproq muddat davomida oʻrganish ishlari oʻtkazilgandan soʻng, xalqaro tender eʼlon qilinadi. Shuningdek, oʻrganish ishlari davomida aholidan mazkur loyihaga va yoʻldan foydalanish uchun toʻlovga munosabati soʻrovnoma orqali aniqlanadi.

Loyihalar boʻyicha hali qurilish ishlari boshlanmagan. Ikki bosqichli ochiq va shaffof tender asosida tanlangan xalqaro investor bilan DXSH toʻgʻrisidagi bitim imzolangandan keyin qurilish ishlari boshlanadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyiha umumiy qiymati 2 mlrd. AQSH dollaridan oshadi. 340 km. lik yoʻl uchun umumiy qurilish davri qurilish ketma-ketligiga koʻra 5-10 yilni tashkil etishi mumkin.

Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yoʻldan foydalanish narxlari yengil avtomobil va yengil yuk mashinalar uchun taxminiy narx 5 va 7 AQSH dollari, yuk mashinalari va avtobuslar uchun 15 AQSH dollari etib koʻrsatilgan.

DSHX toʻgʻrisidagi bitim taxminan 40 yil muddatga tuzilishi koʻzda tutilgan. Ushbu loyiha boʻyicha Prezident qarori qabul qilinishi koʻzda tutilgan boʻlib, mazkur qarorda yoʻldan foydalanuvchilar uchun narxlar oʻzgarishi yoki toʻlovninng maʼlum qismi subsidiya hisobiga qoplanishi yoxud yoʻlning bepul boʻlishi va imtiyozga ega boʻlgan foydalanuvchilar roʻyxati shakllantirilishi masalalariga aniqlik kiritiladi.

Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yoʻli boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki konsultantlari bilan bitim imzolandi va hozirda oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyiha umumiy kapital xarajatlari taxminan 1,5 mlrd. AQSH dollaridan oshadi. 300 km.lik yoʻl uchun umumiy qurilish davri qurilish ketma-ketligiga koʻra 5-8 yilni tashkil etishi mumkin.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yoʻldan foydalanish narxlari yengil avtomobil va yengil yuk mashinalar uchun taxminiy narx 5 va 7 AQSH dollari, va yuk mashinalari va avtobuslar uchun 15-20 AQSH dollari etib koʻrsatilgan.

DSHX toʻgʻrisidagi bitim taxminan 30 yil muddatga tuzilishi koʻzda tutilgan.

Loyihani moliyalashtirish davlat byudjetidan emas, asosan, xususiy sherik, yaʼni xorijiy investor tomonidan amalga oshiriladi.

Shuni taʼkidlash lozimki, hali mazkur loyihalar boʻyicha aniq belgilangan marshrut va narxlar mavjud emas. Soʻnggi tasdiqlangan raqamlar Hukumat va investorlar oʻrtasida tuziladigan kelishuv asosida aniq boʻladi. Aytilgan raqamlar xalqni amalga oshirilishi mumkin boʻlgan loyihalar boʻyicha umumiy tushunchaga ega boʻlishi uchun maʼlum qilindi.

Xalqaro tajribaga koʻra, pullik yoʻl qurilganda odatda aholi uchun bepul alternativ yoʻl saqlanib qoladi.