Qayd etilganidek, joriy yilning 18-iyul sanasidan eʼtiboran yoʻlovchilar orasida talab yuqori boʻlgan Rossiya Federatsiyasiga muntazam avtobus qatnovlari qayta tiklandi. Mazkur yoʻnalishda qatnovlar haftada ikki marotaba dushunba va payshanba kunlari bajariladi. Mazkur yoʻnalishda chipta narxi 1 mln. soʻm etib belgilangan.

Haftaning seshanba va juma kunlari esa Toshkent-Qozon yoʻnalishida qatnovlar bajarilmoqda. Ushbu yoʻnalishda chipta narxi 800 ming soʻm.

Bugundan esa Toshkent–Sankt-Peterburg yoʻnalishida qatnovlarni amalga oshirish boshlanadi. Mazkur yoʻnalishda qatnovlar haftada ikki marotaba chorshanba va shanba kunlari bajariladi. Chipta narxi esa 1 mln. 250 ming soʻm. Mazkur yoʻnalishlarda qatnovlar “Uzautotrans service” MCHJ korxonasining “Yutong” rusumli avtobuslarida amalga oshiriladi. Yoʻnalishga chiqayotgan har bir avtobusga 3 nafardan haydovchi biriktirilgan.

Yoʻnalishlarga chiqishdan oldin har bir haydovchi tibbiy, avtobuslar esa texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. Qatnov davomida har toʻrt soatda haydovchilar almashadi. Yaʼni haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga amal qilishi qatʼiy nazorat qilib boriladi.

Shu oʻrinda xorjiy davlatlarga avtobus qatnovlari orqali joʻnab ketishni rejalashtirayotgan fuqarolarimizdan turli-tuman noqonuniy ravishda faoliyat koʻrsatayotgan tashuvchilar xizmatlaridan foydalanmasliklarini soʻrab qolamiz. “Toshkent” avtovokzali orqali tashkil etilayotgan reyslarda ishonchli xizmat koʻrsatilishi kafolatlanadi.

Yoʻlovchilar oqimidan kelib chiqqan holda “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan Toshkent – Omsk, Toshkent – Perm, Toshkent – Ufa kabi yoʻnalishlarda ham avtobus qatnovlarini bosqichma-bosqich qayta tiklash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Transport vazirligi tomonidan “Toshkent – Krasnodar” yangi muntazam xalqaro avtobus yoʻnalishi hujjatlari tayyorlanib, kelishish uchun Rossiya Federatsiyasi transport vazirligiga yuborildi.

Oʻzbekistondan, shuningdek, qoʻshni respublikalarga ham qatnovlar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, joriy yilning 12-aprel kunidan Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi muntazam xalqaro avtobus yoʻnalishlari qayta tiklandi. Bugungi kunda “Toshkent” avtovokzalidan Qozogʻiston Respublikasining Chimkent, Olmaota, Nur-Sulton, Irgeli, Qiziloʻrda kabi shaharlariga mantazam qatnovlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, “Yangiyoʻl – Irgeli” va “Samarqand – Irgeli” yangi muntazam xalqaro avtobus yoʻnalishlarini ochish uchun yoʻnalish hujjatlari ishlab chiqilib, kelishish maqsadida Qozogʻiston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligiga yuborildi.

15-apreldan esa “Toshkent – Bishkek” xalqaro avtobus yoʻnalishi qayta tiklandi. Hozirgi kunda mazkur yoʻnalishda har kuni 2 ta qatnov amalga oshirilmoqda. 1-iyun sanasidan eʼtiboran esa “Toshkent – Chulpon ota” mavsumiy xalqaro avtobus yoʻnalish tashkil etildi. Hozirda ushbu yoʻnaligida kuniga 1 ta qatnov amalga oshirilmoqda.

“Toshkent – Xoʻjand” xalqaro avtobus yoʻnalishi qayta tiklangan boʻlib, hozirda mazkur yoʻnalishda har kuni 1 ta qatnov amalga oshirilmoqda. 3-iyun kuni “Yangiyer - Istaravshan” muntazam xalqaro yoʻnalishi ochildi hamda bugungi kunda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatib kelinmoqda.