Toshkent axborot texnologiyalari texnikumi oʻzining birinchi bitiruvchilariga diplomlarni topshirdi

    Ta'lim 17 Aprel 2021 2689

    Mazkur Texnikum Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida tashkil etilgan boʻlib, YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi 5-darajasiga muvofiq, oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan.

    Janubiy Koreyaning Puchon Universiteti va Ulsan Universitet Kolleji bilan xalqaro qoʻshma taʼlim loyihalarida tahsil olgan Texnikumning ilk qaldirgʻochlari boʻlgan 95 nafar bitiruvchilariga davlat namunasidagi birinchi diplomlar topshirildi.

    Malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan oʻquvchilar, kelgusida oʻqigan mutaxassisligi boʻyicha Janubiy Koreyadagi yuqorida koʻrsatilgan Universitetlarda 3 kursdan oʻqishni davom ettirish huquqiga ega boʻldilar.

    Endilikda ushbu Texnikumning Janubiy Koreyaning Puchon Universiteti yoki Ulsan Universitet Kollejida oʻqishni davom ettirgan oʻquvchilariga oʻqishni tugatganlaridan soʻng, taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bakalavr diplomi beriladi.

    Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunda Texnikumda jami 500 nafar oʻquvchilar taʼlim olmoqda, ulardan 209 nafari “2+2” qoʻshma dasturlarining oʻquvchilaridir.