Bu boʻyicha Prezidentning “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–252-son, 18.12.2025-y.)da belgilandi.

Farmonga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishdan boshlab, loyihalarni foydalanishga topshirishga qadar barcha jarayonlar toʻliq raqamlashtiriladi. Bunda:

rivojlantirish dasturlari Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Kapital qoʻyilmalar” avtomatlashtirilgan axborot tizimida elektron shakllantiriladi;

Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish “Shaffof qurilish” platformasida amalga oshiriladi;

buyurtmachi va pudratchilar oʻrtasida bajarilgan ishlar boʻyicha hisobvaraq-fakturalarni kelishish “Shaffof qurilish” platformasida ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida “Kapital qoʻyilmalar” avtomatlashtirilgan axborot tizimida amalga oshiriladi.

2026-yil 1-iyuldan avtomobil yoʻllari qurilish jarayonlari doirasida kosmik tasvirlar va dronlar yordamida qurilish hamda moliyalashtirish hajmlarini solishtirish asosida monitoring qilinadi.