Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 1-bosqich talabalari uchun tanishtiruv dasrlari onlayn tarzda boshlandi

    12 oktyabr` soat 8:30 dan 7 ta fakul`tetda zoom platformasi orqali onlayn tanishtiruv darslari boshlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarni oliy taʼlim tizimiga qamrovini bosqichma-bosqich oshirib borish boʻyicha belgilab bergan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oldingi oʻquv yiliga nisbatan 2020-2021 oʻquv yiliga qabul kvotalarini 25 foizdan ziyodroq qilib shakllantirdi, yaʼni 2019-2020-yilda barcha taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklariga 870, shundan 732 nafar bakalavriatga va 138 nafar magistraturaga qabul qilinishi belgilangan boʻlsa, bu yili jami 1095 nafar, shundan 925 nafar bakalavriatga va 170 nafar magistraturaga talaba qabul qilish tasdiqlandi.

    Joriy yilda abituriyentlarning 52796 nafari beshta taʼlim yoʻnalishini tanlash imkoniyatidan foydalanib, universitetimiz taʼlim yoʻnalishlariga dtm.abutur.uz sayti orqali ariza topshirdilar va Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 2020-yil 25-sentyabridagi 5-sonli bayoni bilan tasdiqlangan Davlat test markazining test sinovlari qaydnomasiga koʻra, 1085 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Yaʼni davlatimiz rahbarining turli toifadagi abituriyentlarga belgilab bergan imtiyozlari ham qoʻllanib, bakalavriat qabul rejasi 160 nafar ortigʻi bilan bajarildi va yoshlarni oliy taʼlim tizimiga qamrovi oldingi yilga nisbatan 50 %dan ortdi. Eʼtirofga loyiq jihatlarning eng muhimi, qabul rejalaridagi davlat granti uchun ajratilgan 60 oʻrin Davlat komissiyasining qarori bilan 175 taga koʻpaytirildi. Bu davlatimiz rahbariyatining iqtidorli yoshlarga va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga alohida eʼtiborlarining yaqqol namunasidir.

    Universitet qabul komissiyasi tomonidan mazkur talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni karantin talablariga toʻliq rioya etgan holda, yaʼni abituriyentlarning katta miqdori bir joyda toʻplanishining oldini olgan va ijtimoiy masofani taʼminlagan holda tashkil etish maqsadida taʼlim yoʻnalishlari biriktirilgan fakultetlar joylashgan 3 ta binoning ochiq fazoli hovlilarida 5-10-oktyabr kunlari 43 nafar texnik kotiblar ishladi va abituriyentlarning deyarli barchasidan hujjatlar qabul qilindi. Hujjatlarni qabul qilish jarayonida abituriyentlarga maksimal qulayliklar yaratilib, toʻlov-shartnomalari ham birdaniga rasmiylashtirildi.

    Shu bilan birga, 1-kursga qabul qilingan talabalarni universitet oʻquv jarayoniga koʻniktirish, ularni masofaviy taʼlim tartib-qoidalari va ayniqsa, universitetda 2020-2021 oʻquv yilidan joriy etilgan kredit modul tizimida oʻqish tartiblari bilan batafsil tanishtirish uchun chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich tezkor ravishda amalga oshirildi. Mazkur rejaning asosiy gʻoyasi talabalarni ilk kunlardanoq masofaviy taʼlim tizimiga koʻniktirish qilib belgilandi va universitet professor-oʻqituvchilarini viloyatlarga xizmat safariga yuborib, talabalarga tanishtiruv darslarini tashkil etish oʻrniga barcha talabalarni birdaniga bevosita masofaviy taʼlimga qamrash asosiy maqsad sifatida qoʻyildi. Buning uchun 1-kurs talabalari tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha murabbiylar boshchiligidagi telegram guruhlarga biriktirildi va oʻquv jarayoniga tegishli koʻrsatmalar, uslubiy qoʻllanmalar, masofaviy taʼlim tizimida qoʻllanadigan turli dasturiy taʼminotlar, ularni internetdan yuklab olish yoʻriqnomalari, 2020-yil 12-oktyabridan boshlanadigan va 1-kurs maktabi tanishtiruv darslari mavzulari, universitet saytidan foydalanish koʻrsatmalari, universitetning mt.tsuos.uz saytida joylashgan moodle masofaviy taʼlim platformasida ishlash yoʻriqnomalari, kredit modul tizimida oʻqish tartiblari, universitet elektron kutubxonasi haqidagi maʼlumotlar oʻzbek va rus tillarida yetkazib borildi.

    Bu maʼlumotlar sodda, aniq va tushunarli boʻlishiga alohida ahamiyat berildi va ularning barchasiga ovozli slayd taqdimotlari, video qoʻllanmalar ilova qilib berildi. Guruh murabbiylari talabalar bilan virtual muloqotlarda va telefon orqali suhbatlarda tushayotgan savollarni tahlil etib, yana qanday maʼlumotlar tayyorlash haqida takliflar berib bordilar. Parallel ravishda universitetning tsuos.uz rasmiy vebsaytida 1-kurs nomi ostida maxsus rukn ochildi va oʻzbek va rus tillarida universitet tarkibiy tuzilmasi, fakultetlar tarkibi, kafedralar boʻyicha maʼlumotlar, onlayn 1-kurs maktabi tanishtiruv darslari jadvallari, 1-kurs dars jadvallari, elektron kutubxona, masofaviy taʼlimga kirish va tegishli maʼlumotlardan foydalanish yoʻriqnomalari, kredit modul tizimi izohlari va yana boshqa qator foydali resurslar joylandi. 1-kurs talabalari uchun maksimal qulay boʻlishi uchun bu maʼlumotlarning har biriga alohida giper havolalar berilib, birdaniga tegishli maʼlumotlar, slayd taqdimotlar, video qoʻllanmalar, elektron kitoblarni yuklab olish imkoniyatlari yaratildi.

    Belgilangan tartib boʻyicha 12-oktyabr kuni soat 8-30 dan 7 ta fakultetda linklari oldindan talabalarga yetkazilgan zoom platformasi orqali onlayn tanishtiruv darslari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining rektori Gulchehra Rixsiyevaning 1-kurs talabalariga tabrigi bilan tantanali ravishda boshlandi va bu kunga belgilangan mavzular toʻliq yoritilib, universitet, fakultetlar, kafedralar haqidagi maʼlumotlar berildi, universitet Ichki tartib qoidalari, Odob-ahloq qoidalari bilan tanishtirildi. Tanishtiruv darslarida talabalarning ishtiroki 90% atrofida boʻldi va onlayn muloqotlar jarayonida talabalarni akademik guruhlarga biriktirilish tartiblari, dars jarayonlarida ishtirok etish va fanlarni oʻzlashtirib borishga oid savollariga batafsil javoblar berildi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 1-kurslarni oʻquv jarayoni bilan tanishtiruv darslari 14-oktyabrgacha boʻladi va 15-oktyabrdan bevosita fanlar boʻyicha masofaviy darslar boshlanib, talabalar bevosita professor-oʻqituvchilar rahbarligida onlayn taʼlimga moslashishni davom ettirishlari belgilangan.

    A.Vohidov

    Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

    oʻquv ishlari boʻyicha prorektori