Taʼkidlanganidek, Toshkent davlat texnika universitetida bugungi kunda jami 9 ta fakultet mavjud, 63 ta kafedrada 941 nafar professor-oʻqituvchilar faoliyat yuritib kelmoqda.

Universitetda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab 1-kurslarning oʻquv jarayoni kredit-modul tizimida tashkil etildi.

Mazkur oliy taʼlim muassasasi 2020-yilda 3 ta xorijiy davlatning nufuzli OTMlari bilan (Rossiya, Belarus va Xitoy) hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi. Hozirgi kunga kelib qoʻshma taʼlim boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning 50 nafari xorijiy OTMda oʻz oʻqishini davom ettirmoqda. Ayni paytda 25 nafar xorijiy talaba universitetda tahsil olayotir. Prorektor va rektor maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan yaponiyalik mutaxassis yordamida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Nagoya universitetidan 15 nafar talaba universitetga oʻqishga jalb etilishi koʻzda tutilgan.

Oliy taʼlim muassasasida yoshlarni ilmga va innovatsion gʻoyalarga qiziqtirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Isteʼdodli yoshlarni tanlab olish (seleksiya) va universitetga jalb qilishning amaliy yechimi sifatida 2021-yil uchun 66 nafar PhD va 3 nafar DSc hamda 21 nafar stajer-tadqiqotchi oʻqishga qabul qilindi.

Universitet huzurida 32 ta ixtisoslik boʻyicha 5 ta ilmiy daraja beruvchi Kengashlar faoliyat olib bormoqda.

Yarim yillik davr ichida 56 ta darslik, 32 ta monografiya, 111 ta oʻquv qoʻllanma va uslubiy koʻrsatmalar, 358 ta maqola xorijiy (shundan 167 tasi SKOPUS bazasidagi) jurnallarda, 502 ta maqola respublika matbuotida chop etildi.

Xalqaro QS tashkilotining “Rivojlanayotgan Yevropa va markaziy Osiyo” davlatlari universitetlarining 2021-yil uchun 2020-yil 16-dekabrda eʼlon qilingan reytingida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti 358 ball bilan Respublikada 3 oʻrinda qayd etgani ham oliy taʼlim muassasasining salohiyatidan darak beradi.

Toshkent davlat texnika universitetida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yangi tizimini yaratish boʻyicha 2021-yil birinchi yarim yilligi uchun “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va universitet rektori hamda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent shahar boʻlimi bilan hamkorlikda tasdiqlandi. Yangi oʻquv yili davomida ushbu “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlar rejasiga muvofiq universitet talaba-yoshlari oʻrtasida maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarini zamon talabalari asosida olib borish, ularning dunyoqarashlarini yuksaltirish, oʻqish va darsdan boʻsh vaqtlarini samarali va mazmunli oʻtkazish, shuningdek, har bir talaba-yoshlar bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, yoshlarni turli xil fan olimpiadalari, toʻgaraklar, koʻrik-tanlovlarda faol ishtiroklarini taʼminlash maqsadida juda koʻplab tadbirlar amalga oshirildi.