Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari Senat faoliyati bilan tanishdi

    Keyingi avlod 25 Noyabr 2022 2428

    Joriy yil 24-noyabrda Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari Senatning yangi binosida boʻldi. U yerda talabalar Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Shuhrat Choʻlliyev bilan uchrashdi.

    Muloqot davomida senator talabalarga Senat faoliyati, vakolatlari, senatorlar faoliyatining huquqiy asoslari, huquq va majburiyatlarining ayrim jihatlari toʻgʻrisida tushunchalar berdi.

    Shuningdek, uchrashuvda qabul qilinayotgan qonunlarni koʻrib chiqish, davlat dasturlarining ijrosini taʼminlash, parlament nazoratini olib borish, ijro organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi hisobdorligini oshirish parlament faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri ekani alohida taʼkidlandi.

    Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad yuridik kadrlarni tayyorlashda parlament bilan taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlash, talabalarning parlament faoliyati haqida nazariy bilimini oshirish, yuridik taʼlimning bevosita amaliyot bilan uygʻunligini taʼminlashdan iborat.

    Talabalar muloqot tarzida oʻtgan mazkur uchrashuvda Senat faoliyati bilan bogʻliq koʻplab savollariga batafsil javob oldi va parlament yuqori palatasi faoliyati borasidagi qarashlarini, bilimlarini yanada kengaytirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.