Toshkent davlat yuridik universitetida Maqsadli kapital jamoat fondi tuzildi

    Ijtimoiy hayot 25 May 2021 3442

    Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan mamlakatimizda ilk marotaba oliy taʼlim muassasasi faoliyatini moliyalashtirishning yangi manbai boʻladigan Maqsadli kapital jamoat fondi (Endowment Fund) tashkil etildi.

    Bu haqda universitetning Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi xabar qildi. Universitet xodim va talabalarini dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari hamda xalqaro tashkilotlarda malaka oshirishi, taʼlim olishi va stajirovka oʻtashini tashkil etish orqali kadrlar salohiyatini yuksaltirish, universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish maqsadida tuzilgan Maqsadli kapital jamoat fondi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida Adliya vazirligidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari uchun yangilik boʻlgan Endowment Fund xalqaro tajribada oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirishning eng samarali bozor mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

    TDYUU Maqsadli kapital jamoat fondi ham universitetning oʻz oldiga qoʻygan ustuvor yoʻnalishlarini inobatga olgan holda ilm-fan, taʼlimni yana-da rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator dasturlarni amalga oshiradi.

    Xususan, fond tomonidan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash maqsadida universit xodimlari, doktorantlari va talabalarini rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim, ilmiy muassasalari va boshqa nufuzli tashkilotlariga taʼlim olish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, stajirovka oʻtash va malaka oshirishga yuborish boʻyicha stipendiya va grantlar eʼlon qilinadi.

    Iqtidorli talabalar oʻz bilimini yana-da mustahkamlashi uchun zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlar hamda jihozlar bilan taʼminlanadi hamda ular oʻz ustida ishlashi va ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borishi uchun muntazam moddiy qoʻllab-quvvatlanib, ragʻbatlantirib boriladi.

    Shuningdek, turli olimpiada, musobaqa va tanlovlarda gʻolib va sovrindor boʻlgan talabalarning nafaqat oʻzi, balki ustozlari ham fond hisobidan ragʻbatlantiriladi.

    Yana bir asosiy jihat. Kam taʼminlangan oilalar va yetim bolalar toifasiga kiruvchi talabalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy faol va universitetda samarali mehnat qilayotgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish ham fondning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

    Shu bilan birga fond mablagʻlari universitet moddiy-texnika bazasini yaxshilash, xususan, xalqaro darajadagi oliy taʼlim muassasasi boʻlishi uchun zamonaviy kampusni barpo etish va jihozlashga ham yoʻnaltiriladi.

    TDYUU Maqsadli kapital jamoat fondi (Endowment Fund) mablagʻlari yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, universitet bitiruvchilarining ixtiyoriy xayriya mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari va begʻaraz oʻtkazilgan mablagʻlari, fondning tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllanadi.

    Maʼlumot uchun, AQSH universitetlarida 800 dan ortiq (Garvard, Yel, Prinston, Stenford universitetlari eng yirik fondlarga ega) Endowment Fundlar boʻlib, ularning umumiy kapitali 2 trillion dollarga teng. Dunyodagi eng katta maqsadli kapital jamoat fondi Garvard universitetiga tegishli boʻlib, uning umumiy byudjeti 36 milliard dollarni tashkil etadi.