Mazkur farmon boʻyicha eski tuzilma ta’lim, tadqiqot va amaliy ishlarni integratsiya qiluvchi tizimga aylantirildi va hozirgi kunda quyidagilardan iborat:
1) akademik boʻlimlar,
2) tadqiqot markazlari,
3) amaliyot va karera markazlari.
Shuningdek, mazkur farmon asosida Toshkent davlat yuridik universitetida fakultet dekanlari, akademik departament boshliqlari va tadqiqot markazi rahbarlarini saylov yoʻli bilan saylashning yangi tartibi joriy etilganini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu yangi choralar mamlakatda oliy ta’limda huquqiy rahbarlikni mustahkamlashga qaratilgan. Bu shubhasiz huquq va qoidalar doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatdir.
Toshkent davlat yuridik universitetida fakultet dekanlari, akademik departament boshliqlari va tadqiqot markaz rahbarlarini saylash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanishi bilan oliy ta’lim muassasasida saylov jarayoni rasmiy tus oldi. Mazkur nizom nafaqat tashkiliy ahamiyat kasb etadi, balki universitetda demokratik boshqaruv tamoyillarini mustahkamlash va huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish yoʻlida muhim qadamni ifodalaydi. Ushbu nizom saylovchilar roʻyxatini shakllantirish, nomzodlarni roʻyxatga olish, zarur hujjatlarni qabul qilish va saylov natijalarini e’lon qilish jarayonlarini ham oʻz ichiga oladi.
Belgilangan tartibga koʻra, saylov 2026-yilning 1-3-iyun kunlari oʻtkaziladi. Saylov natijalari boʻyicha lavozimga belgilangan shaxs 2 oʻquv yiliga saylanadi va surunkasiga 2 muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas. Saylov oʻtkazish grafigiga koʻra, 1-iyun kuni Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti hamda Huquqni sohalararo oʻrganish fakultetida dekan va dekan oʻrinbosarlari saylovi amalga oshiriladi. 2-iyun kuni esa Jinoiy odil sudlov fakulteti hamda Ommaviy huquq fakultetida saylov oʻtkaziladi. 3-iyun kuni Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakultetida rahbarlik lavozimlariga saylov yakunlanadi.
Nizomga muvofiq, saylovchilar roʻyxati qat’iy tartibda shakllantiriladi. Ushbu roʻyxat 3 guruh subyektlarni oʻz ichiga oladi. Saylovchilar tarkibiga, birinchi navbatda, fakultetdagi barcha akademik sho’ba (kafedra) va tadqiqot markazlarida asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilar hamda ilmiy xodimlarning toʻliq tarkibi kiradi. Ikkinchi kategoriya sifatida har bir akademik sho’ba yoki tadqiqot markazi kesimida sho’ba majlisi bayonnomasi asosida tavsiya etilgan 2 nafargacha doktorant saylov huquqiga ega boʻladi. Uchinchi kategoriyani har bir fakultet kesimida Talabalar assotsiatsiyasi tomonidan koʻrsatiladigan 10 nafargacha talabalar vakili tashkil etadi. Ushbu tripartit vakillik tizimi nafaqat professor-oʻqituvchilar manfaatini, balki ilmiy-tadqiqot vakillari va ta’lim oluvchilar manfaatini ham tenglik asosida himoya qiladi.
Nizom talablariga muvofiq, nomzod koʻrsatish huquqi ikki asosiy subyektga berilgan: akademik sho’ba (kafedra) va tadqiqot markazlariga hamda professor-oʻqituvchi yoki xodimning oʻziga (self-nomination). Akademik sho’ba yoki tadqiqot markazi tomonidan nomzod koʻrsatilganda, bu haqida majlis bayonnomasi hamda nomzodning yozma roziligi Saylov komissiyasiga taqdim etilishi shart. Saylov komissiyasi barcha hujjatlar belgilangan muddatda – saylovga kamida 20 kun qolguniga qadar, ya’ni 2026-yil 12-may kunigacha – qabul qilinadi. Self-nomination huquqi mustaqil nomzodlarga oʻz kasbiy kompetensiyalarini erkin namoyish etish imkonini beradi va bu demokratik tamoyilning muhim koʻrinishi hisoblanadi.
Nomzod sifatida koʻrsatilishi mumkin boʻlgan shaxslarga nisbatan Nizomda aniq malaka talablari belgilab qoʻyilgan. Fakultet dekani lavozimiga nomzod uchun:
oliy yuridik ma’lumot;
falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasi, qoida tariqasida professor yoki dotsent ilmiy unvoni hamda kamida 10 yillik ilmiy-pedagogik staj talab etiladi.
Akademik departament boshliqlari va tadqiqot markazi rahbarlari lavozimlariga nomzodlar uchun ham xuddi shunday ta’lim va ilmiy daraja talablari amal qiladi, biroq ilmiy-pedagogik staj talabi kamida 5 yilni tashkil etadi. Bundan tashqari, nomzod yurisprudensiya sohasining mutaxassisi boʻlishi, yuksak ma’naviy fazilatlarga ega boʻlishi, zarur ilmiy salohiyat va amaliy tajribaga ega boʻlishi, oʻz kasbiy faoliyatida aniq natijalarga erishgan boʻlishi lozim. Bu talablar universitetning ilmiy va pedagogik obroʻsini yuqori darajada saqlab qolishga xizmat qiladi.
Saylov komissiyasi oʻziga taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan talablarga muvofiq tekshiradi va saylov oʻtkazilishidan kamida 15 besh kun oldin TDYU rektori bilan kelishish uchun taqdim etadi. Rektor taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlarini koʻrib chiqadi va ular boʻyicha xulosasini Saylov komissiyasiga yuboradi. Rektorning xulosasi olingandan soʻng, Saylov komissiyasi tavsiya etilgan nomzodlarni saylov oʻtkazilishidan kamida 10 kun oldin roʻyxatga oladi va bu haqidagi axborotni TDYUning rasmiy veb-saytida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qiladi. Ushbu ochiqlik tamoyili saylov jarayonining shaffofligini ta’minlab, barcha manfaatdor tomonlarning xabardorlik huquqini kafolatlab beradi.
Dunyo amaliyotida oliy ta’lim muassasalarida rahbariyat saylovini tashkil etish masalasi uzoq yillik akademik an’analarga tayanadi. Yevropa, AQSh, Avstraliya va Rossiyaning yetakchi universitetlari oʻz rektori va dekanlarini professor-oʻqituvchilar hay’ati, ilmiy kengash yoki keng vakillik asosidagi saylov yoʻli bilan tayinlash tajribasini muvaffaqiyatli qoʻllaydi. TDYUda joriy etilayotgan saylov mexanizmi xuddi shu yoʻnalishda, ya’ni akademik demokratiyani institutsional darajada mustahkamlash yoʻlida muhim qadam sifatida baholanadi. Saylov komissiyasining mustaqil tarkibi, nomzodlarni tekshirishning koʻp bosqichli tartibi va natijalarni rasmiy veb-saytda e’lon qilish majburiyati – bularning barchasi xalqaro akademik hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan shaffoflik va mas’uliyatlilik mezonlariga toʻliq javob beradi. Shu bilan birga, Saylov komissiyasi mazkur jarayonni milliy qonunchilik talablari, xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Ta’lim toʻgʻrisida”gi qonuni va oliy ta’lim sohasidagi davlat standartlari asosida amalga oshirishi muassasaning huquqiy salohiyatini yanada oshiradi.
Saylangan dekan yoki departament boshligʻi nafaqat oʻz tarkibiy boʻlinmasiga, balki butun universitetning akademik obroʻsi va sifat koʻrsatkichlariga javobgar boʻladi. Ushbu mas’uliyat saylov orqali huquqiy legitimlikka ega boʻlgan rahbarning nafaqat ma’muriy, balki axloqiy zimmasiga ham yuklatiladi. TDYUda shakllantirilayotgan saylov madaniyati kelajakda universitetdagi boshqaruv sifatini oshirishga, xodimlar va talabalar ishonchini mustahkamlashga hamda muassasani xalqaro reyting va akkreditatsiya tizimida yuqoriroq oʻrinni egallashiga zamin boʻlib xizmat qiladi. Binobarin, 2026-yilgi rahbariyat saylovi TDYU uchun oddiy tashkiliy tadbirdan koʻra kengroq – huquqiy davlat qurilishi yoʻlida akademik muassasaning oʻz oʻrnini ongli ravishda belgilash akti sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tartib oʻzida akademik erkinlik va boshqaruvdagi demokratiya tamoyillarini birlashtirgan holda, oliy ta’lim muassasasida meritokratik rahbariyat shakllanishini ta’minlashga qaratilgan. Nomzodlarga qoʻyilgan yuqori malaka talablari, saylovchilar tarkibidagi keng vakillik, hujjatlar koʻrib chiqilishidagi saylov komissiyasi va rektorning ishtiroki – bularning barchasi saylangan rahbariyat qonuniyligi va legitimligini ta’minlashning mustahkam kafolatidir. TDYUda rejalashtirilgan saylovlar oliy ta’limda boshqaruvni qonun yoʻli bilan mustahkamlashda birinchi va muhim qadamdir. Bu esa universitetga erkinlik olib keladi va boshqaruvda dunyo talablariga mos koʻnikma hosil boʻlishiga yordam beradi. 2026-yilning 1-3 iyun kunlari boʻlib oʻtadigan saylovlar faqat TDYU uchun emas, balki butun mamlakatdagi oliy ta’lim uchun ham kelajak uchun dastlabki namuna va ahamiyatli voqea boʻlishi mumkin.
Shohruxbek Tillaboyev,
TDYU, Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti
Tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, yuridik fanlar bo’yicha falsafa doktori