"Internetda hayvonot bogʻimizda sodir boʻlgan voqea tufayli yangiliklar va izohlar kamaymayapti.

Odamlar nega uni tasvirga olishayotgani va nigohlari toʻla minnatdorlik bilan unga qarashayotganini tushunmayotgan Zuzu oʻz volerida sayr qilib yurgan vaqtda, jajji jabrlanuvchimiz Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanmoqda.

Kasalxonaga olib kelinishi bilan qizaloq Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiyasi boʻlimiga joylangan edi va u yerda tinimsiz shifokorlar nazorati ostida boʻldi. U yerda bir kunini oʻtkazgan 3 yoshli jajjitoy intensiv terapiya xonasiga oʻtkazildi.

“Ayni damda qizaloq intensiv terapiya xonasida va uning holati turgʻun deb baholanmoqda. Dinamikada nazorat koʻrigi oʻtkazildi. Qizaloq kelajakda ushbu hodisa asoratlaridan aziyat chekmasligi uchun biz bor imkoniyatlarni ishga solyapmiz”, – dedi biz bilan suhbatda davolovchi shifokor va tibbiyot fanlari nomzodi Sobir Tohirovich Nasimov.

Qizaloqning kayfiyati yaxshi, u hamshiralarga sheʼrlar aytib, ularning koʻnglini koʻtarmoqda, biz esa, oʻz navbatida, uni sovgʻalar bilan quvontirdik. Qoʻshimcha ravishda, qizaloq va uning akasiga Toshkent hayvonot bogʻiga bir umr bepul kirish imkoniyatini taʼminlashga qaror qildik.

Jajji qahramonimizga sogʻliq va tez orada tuzalib ketishini tilab qolamiz. Voqealar rivoji haqida sizga ham xabar berib turamiz, doʻstlar" deyiladi xabarda.