Harakat haqida nimalarni bilish lozim va u qanday xavf tugʻdirishi mumkin?

Dastlab “Ryodan” harakati tashkil etilganda, internetdagi bir nechta virtual jamoalardan iborat boʻlgan: ular yapon animatsiya sanʼati muxlislari boʻlib, oʻsmirlarni qiziqishlari boʻyicha birlashtirishdan boshqa maqsadlarni koʻzlamagan edi. Bolalar oʻzlarining sevimli sanʼatlarini muhokama qilar va shunga oʻxshash kiyimlarni (orqasida oʻrgimchak rasmi hamda 4 raqami boʻlgan katakli shim va futbolkalar) tanlashar edi.

Biroq, vaqt oʻtishi bilan harakatdan yangi yoʻnalish ajralib chiqib, ular ichida bir qator tajovuzkor shaxslar paydo boʻldi. Ular hududdagi vaziyatni beqarorlashtirish, oʻsmirlarning toʻliq shakllanmagan dunyoqarashiga taʼsir oʻtkazish orqali ularni nazorat qilishni maqsad qilib oldilar. Buning oqibatida, tarmoqdagi begona shaxslarning buzgʻunchi shiorlari taʼsiriga berilib ketgan bolalar jamoat joylarida toʻplanib, ommaviy tartibbuzarliklarni uyushtira boshladilar.

Ayni paytda “Ryodan” harakati tomonidan uyushtirilgan bunday holatlar Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belarus va bir qator boshqa davlatlarda qayd etilgan. Janjallar tomonlarning turli darajadagi tan jarohatlari olishiga, shaxslarning mulkiga zarar yetkazilishiga, koʻplab maʼmuriy va jinoiy ishlarning qoʻzgʻatilishiga olib keladi. Biz yurtimizda bunday oqibatlarni oldini olishimiz kerak.

Hurmatli ota-onalar! Farzandlaringizga eʼtiborli boʻling, ularning qiziqishlarini oʻrganing, ayniqsa submadaniy qiziqishlariga befarq boʻlmang.

Bolalarning anime va mangaga boʻlgan qiziqishini qoralab boʻlmaydi. Lekin bu qiziqishi tufayli u nomaʼlum shaxslarning taʼsiriga tushib qolmayotganligiga, virtual dunyoni haqiqatdan ajrata olish qobiliyatini yoʻqotmaganligiga ishonch hosil qiling.

Farzandlaringizning hayotiga, ularda kechayotgan oʻzgarishlarga befarq boʻlmang: ular bilan doʻstona munosabatda boʻlish orqali qiziqishlarini, ishtiyoqini muhokama qiling, shu yoʻl bilan ularning fikrini oʻrganasiz va ularda boʻlayotgan oʻzgarishlarni sezish imkoningiz oshadi.