Qayd etilishicha, bu yerda elektr va issiqlik energiyasi faqat tabiiy gaz asosida ishlaydigan zamonaviy qurilmalar orqali ishlab chiqariladi.

Markazda joylashgan 3 ta zamonaviy gaz-turbinali qurilmalarga ekopostlar oʻrnatilgan boʻlib, ular orqali atmosferaga chiqarilayotgan gazlar doimiy monitoring markazi tomonidan kuzatilib, tahlil qilib boriladi.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan 2024-yilda mazkur markazda umumiy quvvati 64 MVt boʻlgan yangi gaz-turbinalari foydalanishga topshirildi.

Ushbu qurilmalar orqali 515 mln kVt⋅soat elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi poytaxt aholisi va iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahrida atmosfera havosini yaxshilash doimiy eʼtibor markazida boʻlib, energiya ishlab chiqarish jarayonida ekologik xavfsizlik taʼminlanmoqda.

Energetika sohasidagi xalqaro hamkorlik doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan birgalikda Toshkentning Chilonzor, Olmazor va Sergeli tumanlarida zamonaviy kogeneratsiya markazlari bunyod etildi.

Ushbu markazlarda soʻnggi avlod texnologiyalari joriy qilingan boʻlib, past bosimdagi tabiiy gaz asosida ham elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu esa faoliyatni yanada samarali va ekologik xavfsiz amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Mana shu kabi qurilmalar poytaxtning 7 ta — Mirzo Ulugʻbek, Yunsobod, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod, Yangihayot tumanlarida ham joriy etiladi.

Shuningdek, korxona Toshkent shahri markazida joylashgani bois, ekologiyaga ijobiy taʼsir koʻrsatish va shahar koʻrkini oshirish borasida ham faol ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 2025-yilning oʻzida 5 ming tup manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.