“Toshkent issiqlik markazi” DUK qayta tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 17 Yanvar 2023 862

    Vazirlar Mahkamasining 13.01.2023-yildagi “Toshkent shahri markazlashgan issiqlik taʼminoti korxonalarining faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 13-son qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan Toshkent shahar hokimligining “Toshkent issiqlik markazi” davlat unitar korxonasini masʼuliyati cheklangan jamiyatga aylantirish nazarda tutilgan. 2023-yil 1-fevralga qadar Jamiyat ustav kapitalidagi ulush balans qiymatda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga uning ustav fondidagi davlat ulushini oshirish hisobiga beriladi.

    Jamiyat “Toshkent issiqlik markazi” davlat unitar korxonasining shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi. AJ Toshkent shahrida aholiga va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun oʻz vaqtida sifatli issiqlik energiyasini uzatish vazifasini hal etadi.

    1-martga qadar qozonxonalarni DXSH asosida, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish rejalashtirilyapti.

    Issiqlik markazlari 2023-yil 1-iyundan boshlab bosqichma-bosqich “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga beriladi, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.01.2023-yildan kuchga kirdi.