Toshkent jamoat transporti 2030-yilgacha tubdan yangilanadi

    Prezidentning “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–368-son, 04.12.2025-y.) qabul qilindi.

    Qaror bilan Toshkent shahri transport tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutildi, jumladan:

    • aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish;
    • avtobusning oʻrtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish;
    • transport vositalari uchun 150 ming oʻrinli toʻxtab turish joylarini tashkil etish;
    • metropoliten tarmogʻi uzunligini 103 kmga yetkazish.

    Toshkent shahrida yoʻl harakatini tashkil etish markazi tashkil etiladi.

    Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

    • zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalarni qoʻllash orqali Toshkent shahrida transport, yoʻlovchi va piyodalar oqimlarini uzluksiz monitoring qilish asosida yoʻl harakatini tashkil etish,
    • Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish;
    • hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yoʻllaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining koʻp qavatli toʻxtab turish joylarini tashkil qilish;
    • Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yoʻl oʻtkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining toʻxtab turish joylarini tashkil qilish.