Qaror bilan Toshkent shahri transport tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutildi, jumladan:

  • aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish;
  • avtobusning oʻrtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish;
  • transport vositalari uchun 150 ming oʻrinli toʻxtab turish joylarini tashkil etish;
  • metropoliten tarmogʻi uzunligini 103 kmga yetkazish.

Toshkent shahrida yoʻl harakatini tashkil etish markazi tashkil etiladi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

  • zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalarni qoʻllash orqali Toshkent shahrida transport, yoʻlovchi va piyodalar oqimlarini uzluksiz monitoring qilish asosida yoʻl harakatini tashkil etish,
  • Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish;
  • hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yoʻllaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining koʻp qavatli toʻxtab turish joylarini tashkil qilish;
  • Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yoʻl oʻtkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining toʻxtab turish joylarini tashkil qilish.