Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida yoʻl haqini oʻz vaqtida toʻlashni taʼminlash maqsadida jamoat transportida kuchaytirilgan reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda. Tadbirlar Transport nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar yoʻlovchi tashish faoliyatini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari tomonidan oʻtkazilmoqda.

Joriy yilning 11 oyida 19 632 nafar yoʻlovchi yoʻl haqini toʻlamagani aniqlangan. Ushbu raqamlar tizimli nazorat va intizomni yanada kuchaytirish zarurligini tasdiqlaydi, deyiladi xabarda.

Endilikda Toshkent shahar yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlariga yoʻl haqini toʻlamaslik holatlari boʻyicha jarima bayonnomalarini rasmiylashtirish huquqi berildi. Bu esa qonunbuzarliklarga tezkor munosib chora koʻrish va qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash imkonini yaratadi.