баннер
27 Apr 2025
22:51

    Toshkent “Katta Dubulgʻa” turkumiga kiruvchi nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi

    Sport 17 Fevral 2025 464

    Tashkent Grand Slam turniri shu yilning 28-fevral — 2-mart kunlari boʻlib oʻtadi.

    Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtgan “Katta Dubulgʻa” turkumiga kiruvchi nufuzli turnir oʻz yakuniga yetdi.

    Mukofot jamgʻarmasi 154 000 yevroni tashkil etuvchi musobaqada sayyoramizning 4 qitʼasi 36 davlatidan jami 258 (166 erkak, 92 ayol) nafar dzyudochi medallar hamda jahon reytingi uchun beriladigan qimmatli ochkolar uchun bahs olib borishdi.

    Yaponiya uchun atalgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasining katta tarkibdagi dzyudochilari ham oʻz omadlarini sinab koʻrishdi. Turnirda asosan yosh, xalqaro tajribasi kam boʻlgan dzyudochilarimiz ishtirok etishdi. Medal qoʻlga kiritilmagan boʻlsada, lekin yoshlar oʻzlari uchun tajriba oldi, deb yozadi Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati.

    Bronza medali uchun kurashgan Azizbek Ortiqov yakunda beshinchi oʻrinni egalladi. Soʻgʻdiyona Rafkatova, Marjona Nurulloyeva, Azizbek Avazmurodov va Rustam Shorahmatov 7-oʻrinni band etdi.

    Medallar jamgʻarmasi boʻyicha dzyudo vatani vakillari mutlaq yetakchi boʻlishdi. Boku “Katta Dubulgʻa” turniri xuddi Yaponiya chempionatiga oʻxshab ketdi. Kunchiqar yurt dzyudochilari 10 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallashdi. Kuchli uchlikka Germaniya va Ozarbayjon terma jamoalari yakun yasab berdi. Jami 22 ta davlat delegatsiyalari oʻz uylariga musobaqaning kamida bitta bronza medali bilan qaytishdi.

    Xabarda aytilishicha, Tashkent Grand Slam turniriga shu yilning 28-fevral — 2-mart kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasi “Katta Dubulgʻa” turkumiga kiruvchi nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi.

    Oʻzbekiston terma jamoasi mezbon sifatida har bir vazn toifasida 4 nafardan dzyudochi bilan qatnashish imkoniyatiga ega. Hozirgacha 3 qitʼaning 25 davlatidan jami 266 (130 erkak, 136 ayol) nafar dzyudochi Toshkentga kelishini tasdiqlagan. Hali bu son ortib boradi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech