Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarining oldida turgan muhim vazifalardan biri xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallash hisoblanadi. Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham yurtimizdagi oliy oʻquv yurtlarini dunyoning kuchli 1000 talik oliy oʻquv yurtlari tarkibiga kirishini taʼminlash vazifasi belgilangan. Bu jarayon murakkab boʻlib, bosqichma-bosqich barcha koʻrsatkichlarni xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish orqali amalga oshirish mumkin. Bunda turli yoʻnalishdagi xalqaro uyushmalar bilan hamkorlik qilish va ularga aʼzo boʻlish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent kimyo-texnologiya institutida ham bu borada jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Institutda xalqaro aloqalar koʻlamini kengaytirish, almashinuv dasturlari va grantlarga ishtirok etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Yaponiyaning rivojlanib kelayotgan mamlakatlarga begʻaraz yordami doirasida institutning iqtidorli talaba yoshlarini qoʻllab quvvatlash maqsadida “Mitsubisi stipendiyasi”, Koreya Respublikasining “Posko stipendiya”lari 40 dan ortiq talabaga berib kelinmoqda.
Shuningdek, Yaponiyaning Mitsubisi korporatsiyasi bilan “Laboratoriya oʻquv-trening dasturi” xalqaro loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 2021-yil davomida “Yoqilgʻi va organik birikmalar kimeviy texnologiyasi” va “Vinochilik texnologiyasi va sanoat uzumchiligi” fakultetlarida zamonaviy kimyoviy laboratoriyalar jihozlarini xarid qilish, xorijiy xamkorlar ishtirokida seminar-treninglar oʻtkazilishi, xalqaro xamkorlikda yangi ilmiy loyihalar tayerlash rejalashtirilgan.
Bu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan yana biri yaqinda institut “Masʼuliyatli boshqaruv taʼlimining prinsiplari” xalqaro uyushmasiga aʼzo boʻldi. Ushbu uyushma 2007-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan. Dunyo boʻylab taʼlim tizimida barqaror rivojlanish va boshqaruv tizimini takomillashtirishga va akademik muassasalarni BMTning global faoliyati bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan platforma sifatida xalqaro maqomga ega.
MBTP butun dunyo boʻylab 800 dan ortiq taʼlim subyektlarining ixtiyoriy tashabbusi sifatida shakllangan. Bugungi kunda ushbu uyushma BMT bilan hamkorlik qilayotgan va menejment bilan bogʻliq boʻlgan oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi eng yirik uyushma hisoblanadi.
Xalqaro uyushma tomonidan belgilangan tamoyillarni oliy taʼlim tizimida joriy etish va shu tamoyillar asosida faoliyatni yoʻlga qoʻyish shubhasiz taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir qiladi. Qolaversa ushbu prinsiplar asosida xalqaro miqyosda OTMlar bilan hamkorlik qilish institutning xalqaro miqyosda reytingini oshishiga, BMT va uning institutlari tomonidan eʼlon qilinadigan xalqaro grantlarni qoʻlga kiritishda maʼlum imtiyozlar beradi. Eng muhimi institutning xalqaro reytinglardagi kuchli 1000talik OTMlar qatoridan oʻrin egallashida poydevor vazifasini oʻtaydi. Galdagi vazifa ushbu uyushma doirasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va yuqoridagi prinsiplarni oʻquv yurtimiz faoliyatida aks ettirib borish hisoblanadi.