Toshkent korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha global mukofotning topshirilish marosimiga mezbonlik qiladi

    Mamlakatimizda 4 Oktabr 2023 620

    Yil yakunida poytaxtimizda "Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida yutuqlari uchun” xalqaro mukofotining topshirish marosimi oʻtkaziladi.

    Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, mukofot 2015-yilda Qatar hukumati hamda BMT shafeligida Qatarda tashkil etilgan Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash markazi tomonidan taʼsis etilgan hamda Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan Korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari xalqaro assotsiatsiyasining (IAACA) VIII konferensiyasida Qatar davlati rahbari Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan eʼlon qilingan.

    Mukofotning asosiy maqsadi dunyo boʻylab korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha namunali va ilgʻor modellarni targʻib qilish hamda aholining xabardorligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashishni qoʻllab-quvvatlash va birdamlikni oshirishdan iborat.

    Xalqaro mukofoti korrupsiyaga qarshi kurash sohasiga oʻzini bagʻishlagan hamda mazkur yoʻnalishda ilgʻor yangiliklarni joriy etgan shaxslar va tashkilotlarga beriladi.

    Gʻoliblar 5 ta nominatsiya boʻyicha taqdirlanadi:

    • “Korrupsiyaga qarshi kurashishdagi yutuqlari hamda uzoq yillik faoliyati uchun”;
    • “Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi taʼlim va akademik tadqiqotlar uchun”;
    • “Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid yoshlar tashabbuslari va ijodi uchun”;
    • “Innovatsiyalar va jurnalistik materiallar uchun”;
    • “Sportni korrupsiyadan himoya qilish”.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 14-30-sentyabr kunlari mazkur mukofotga hujjatlar qabul qilinishi maʼlum qilingan edi.

    Agentlik mazkur jarayonda mukofot va unga hujjat topshirish jarayonlari boʻyicha metodik tavsiyalar berdi.