Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hokimlikning qayd etishicha, shaharning markaziy koʻchalaridagi daraxtlar holati mutaxassislar tomonidan oʻrganilgan. Tekshiruvlar davomida 200 dan ortiq daraxtda turli kasallik va zararlanish holatlari aniqlangan. Ularning aksariyati davolanib, saqlab qolingan. Shu bilan birga, ayrim daraxtlar biologik faol boʻlsa-da, avariya holatiga kelib qolgani va zararkunandalar taʼsirida keskin zaiflashgani maʼlum boʻldi.

Alohida ahamiyatga ega koʻchalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boshqarmasi boshligʻi Dilyor Esonovning maʼlum qilishicha, boshqarma tasarrufida boʻlgan markaziy koʻchalardagi koʻp yillik manzarali daraxtlar mutaxassis xodimlari tomonidan parvarish qilinadi. Yiliga olti marotaba kimyoviy preparatlar yordamida oʻsimliklarning kasallik va zararkunandalariga qarshi kimyoviy ishlov berish ishlari olib boriladi.

“Shunga qaramasdan, markaziy koʻchalarimizda yomgʻirgarchilik vaqtida manzarali daraxtlarimizni oʻz holatini yoʻqotib, yiqilib tushish holatlari tez-tez kuzatilib borilmoqda. Shunday holatlarning oldini olish maqsadida daraxtlarimizdan 270 tasiga shakl berish ishlari olib borildi. Xavf tugʻdiruvchi daraxt shoxlari olinib, daraxt kesilgan joylari maxsus eritmamiz yordamida boʻyab qoʻyish ishlari olib borildi. Tag qismi bilan olinishi kerak boʻlgan 73 ta daraxtimiz holati oʻrganildi. 73 ta daraxtimizning tag qismi bilan olishimiz shart. Sababi, tashqi koʻrinishida biologik holatini yoʻqotgan, ichki gʻovak qismiga qurt-qumursqalar kirib, bir necha yillar mobaynida joylashib olgani va zarar yetkazgani aniqlandi”, — deydi u.

Esonov qayd etishicha, kesilgan daraxtlar oʻrniga daraxtlar ekiladi va ushbu daraxtni parvarish qilish, daraxt holatiga keltirishni boshqarma oʻz majburiyatiga oladi — bu boshqarmaning bevosita ishi hisoblanadi.

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Tursunpoʻlat Egamov taʼkidlashicha, daraxtlar Obodonlashtirish boshqarmasi, Ekologiya boshqarmasi va Botanika bogʻi ilmiy xodimlari bilan birgalikda ishchi guruh tuzilib oʻrganib chiqilgan.

“Avvalambor, biz zararkunandalar bilan kurashib koʻrdik. Afsuski, ayrim daraxtlar 50 foizdan yuqori darajada zararkunandalar bilan kasallanib boʻlgan. Foydasi yoʻq. Kesib tashlamasangiz, uning yonidagi daraxtlarga ham oʻsha zararkunandalar oʻtishi ehtimoli judayam yuqori. Shu sababli, biz shu qarorga keldik”, — deydi Egamov.