“Olma-ota – Toshkent – Olma-ota”, “Toshkent – Novosibirsk – Toshkent”, “Toshkent – Samara – Toshkent” yoʻnalishida harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlari hamda “Toshkent – Xojikent – Toshkent” shaharlararo poyezdlaridan tashqari, bugungi kunda Toshkent-Markaziy temir yoʻl vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yoʻlovchi poyezdlar joriy yil 15-iyuldan 15-avgustgacha Janubiy vokzaldan oʻz harakatini boshlaydi.
Jumladan, bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari, “Sharq», ”Nasaf“ hamda ”Toshkent – Andijon – Toshkent“, ”Toshkent – Volgograd – Toshkent“, ”Dushanbe – Toshkent – Dushanbe" yoʻlovchi poyezdlari Janubiy vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent-Markaziy hamda Toshkent-Janubiy vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu-kun faoliyat koʻrsatadi. Bundan tashqari chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin.
Shuningdek, bir oy mobaynida Toshkent-Markaziy vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd joʻnashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib Markaziy vokzalga kelib qolgan yoʻlovchilarni Janubiy vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar ham qoʻyiladi.