Toshkent metrocida toʻrtta bekatning yopiq vestibyullari qayta ochiladi

    Toshkent yer osti metrosining “Oʻzbekiston”, “Mashinasozlar”, “Gʻafur Gʻulom” va “Milliy bogʻ” bekatlarining bir tomonlama kirish qismida amalga oshirilgan texnik yangilash ishlari yakunlandi.

    Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar bermoqda.

    Maʼlum qilinishicha, mazkur bekatlar avval yoʻlovchi oqimi kamligi sababli uzoq yillar davomida yopiq boʻlgan, endilikda yoʻlovchi oqimining ortib borayotgani hamda shahar aholisining talab va istaklarini inobatga olgan holda “Oʻzbekiston”, “Mashinasozlar”, “Gʻafur Gʻulom” va “Milliy bogʻ” metro bekatlarining bir tomon kirish (vestibyul) qismlarida barcha zarur texnik jarayonlar toʻliq yakunlanib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash ishlari bajarilgan.

    Shu munosabat bilan, 2025-yil 11-dekabrdan boshlab ushbu vestibyullar yoʻlovchilar uchun qayta faoliyat boshlaydi.

    Toshkent metropoliteni yoʻlovchilarga qulay va xavfsiz xizmat koʻrsatishda davom etishini taʼkidladi.