Toshkent metropoliteni tirbandliklar haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

    Transport 26 Iyun 2025 759

    Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar metro qatnovi orasi choʻzilgani, odam nihoyatda koʻpligi haqida eʼtirozlar qoldirgan. Holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni“ DUK maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, bugungi kunda har bir yoʻnalishda yoʻlovchilar oqimidan kelib chiqqan holatda poyezdlar harakati jadval asosida yoʻlga qoʻyilmoqda. Shuningdek, doimiy ravishda ertalabki va kechki tigʻiz vaqtlarda yoʻnalishlarda poyezdlar soni oshirilib, qoʻshimcha zaxira poyezdlar ham harakatlanmoqda.

    Telegramdagi kanallarning birida metropolitenning “Beruniy” bekati tasvirlangan holda “Har kuni ishdan qaytishda 5 ta metro oʻtkazib, 6- yoki 7-siga zoʻrgʻa chiqib ketishga toʻgʻri kelmoqda“ mazmunidagi maʼlumot taqdim etilgan. Odam nihoyatda koʻp, metro qatnovining orasi choʻzilgani aytilgan. Metropoliten bu maʼlumot boʻrttirilgan (yolgʻon) ekanini bildirdi.

    “Toshkent metropoliteni“ DUK masʼul xodimlari tomonidan oxirgi 1 oy davomida “Beruniy“ metro bekatidagi barcha kameralar toʻliq oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlar asosida bekatda bu kabi holat yuz bermaganligi aniqlandi.

    Aytish mumkinki, bunday holat haqiqatga toʻgʻri kelmaydi va omma oldida tashkilot obroʻsiga putur yetishiga olib keladi, — deyiladi xabarda.