Bu haqda “Toshkent metropoliteni”ning yoʻlovchilarga yoʻllagan murojaatida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, 2021-yil bir kunda 280-300 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatgich 920-930 mingni tashkil qilmoqda. 2024-yil yakunigacha metrodan foydalanuvchi yoʻlovchilar soni bir kunda 1 mlnga yetishi kutilmoqda.
Yoʻlovchilar sonining ortib borishi sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tirbandliklarni oldini olish hamda yoʻlovchilarning bir manzildan boshqa manzilga borish vaqtlarini qisqartirish maqsadida soʻnggi 3-yilda tigʻiz vaqtda harakat tarkiblarining yoʻlovchi tashish boʻyicha oraliq vaqti (interval) qisqartirildi.
2021-yilgacha 36 ta poyezd harakatlangan boʻlsa, soʻnggi 3-yil davomida zamonaviy turdagi 29 ta yangi harakat tarkiblari xarid qilinib, 2024-yilga kelib, poyezdlarning soni 65 taga yetkazildi.
Shuningdek, 2021-yilda nosozliklar va toʻxtab qolish holatlari 138 tani tashkil qilgan. 2023-yilda bunday holatlar soni 71 ta qayd etilib, 2 barobarga kamayishiga erishilgan. Hozirda ushbu holatlarni toʻliq bartaraf etish va “xavfsiz transport” maqomiga erishish choralari koʻrilmoqda.
Joriy yil yakunidan boshlab 48 ta va 2025-yil davomida yana qoʻshimcha 56 dona zamonaviy metro vagonlarini xarid qilish koʻzda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarini yangilanishiga hamda yoʻnalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi.
Shu bilan birga hurmatli yoʻlovchilarimiz metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlarini soʻraymiz. Harakatlanish vaqtida oʻzaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yoʻlovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi, — deyiladi xabarda.