Bojxona organlari tomonidan mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, bojxona toʻlovlarini undirish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda chek qoʻyish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Buni birgina Toshkent shahar bojxona boshqarmasi misolida tahlil qiladigan boʻlsak, 2021-yilning yanvar-aprel oylari mobaynida boshqarma tomonidan 3 trln. 850,4 mlrd. soʻmlik bojxona toʻlovlari undirilib, davlat byudjetiga oʻtkazilishiga erishildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida bojxona toʻlovlaridan 3 trln. 96,1 mlrd. soʻm bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar berildi.

Imtiyoz qoʻllanilgan asosiy tovarlar tarkibini transport vositalari va uning qismlari,texnologik asbob-uskunalar,farmatsevtika mahsulotlari,tibbiyot asbob-uskunalari hamda maishiy-texnika va ularning qismlari tashkil etdi.

Shuningdek, boshqarma tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 153,3 mlrd. soʻmlik bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash imkoniyati berildi.

Bu esa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijga eksport qilishni munosib ragʻbatlantirishga xizmat qilib kelmoqda.

Masalan, joriy yilning oʻtgan 4 oyi mobaynida 167,7 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan tovarlar xorijiy mamlakatlar bozorlariga yoʻnaltirildi.

Mazkur koʻrsatkich 2020-yilning mos davriga nisbatan 88,2 mln. AQSH $ yoki 111,1 %ga oshdi.

Tovarlar 30 ga yaqin davlatlarga eksport qilingan boʻlib, asosiy hamkor davlatlar Rossiya, Afgʻoniston, Turkiya, Xitoy va Qozogʻiston davlatlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda.

Eksport qilingan asosiy tovarlar: toʻqimachilik, metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, elektronika va ularning qismlari, kalava ip, ozik-ovkat va meva-sabzavot maxsulotlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda.

Bojxona postlarida jami 21 424 ta bojxona koʻrigi jarayonlari amalga oshirilib, 102 867 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi.

Bojxona yuk deklaratsiyalarini Xavfni boshqarish axborot tizimi boʻyicha yoʻlaklar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, deklaratsiyalarning 26 893 tasi, yaʼni (26,1 %); “yashil yoʻlak,” 49 129 tasi (47,8 %) “sariq yoʻlak”, 26 845 tasi (26,1 %) “qizil yoʻlak” tartibida rasmiylashtirilgan.

Boshqarmada bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishini oldini olish, aniqlash va ularga chek qoʻyish, kontrabandaga qarshi kurashish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, hisobot davrida 793 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, natijada 115,0 mlrd. soʻmlik tovar-moddiy boyliklarning vaqtincha saqlovga olindi.

Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari boʻyicha 28,8 mlrd. soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.

Boshqarma tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash yoʻnalishida 31 ta holatda 19 kg. 91,42 gr., xususan, 8000 dona “tramadol” giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

Psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi, zaxarli va zaxarlovchi moddalarni noqonuniy aylanishi bilan bogʻliq 4 ta holatda 258 dona psixotrop va 2 kg. 97,13 gr. kuchli taʼsir qiluvchi moddalar ushlab qolindi.

Bundan tashqari, strategik ahamiyatga ega tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasi yoʻnalishida 3 ta holatda 22 870 quti tamaki mahsulotlari, 14 ta holatda 2 mlrd. 982,7 mln. soʻmlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlari, 8 ta holatda 2 mlrd. 855,7 mln. soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlarining bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib oʻtilishi bilan bogʻliq huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ularni oʻz vaqtida koʻrib, qonuniy hal etish boʻyicha boshqarmada 114 ta murojaatlar ruyxatga olinib, ularning soni oʻtgan yillarning ayni shu davriga nisbatan ancha kamayganini koʻrishishiz mumkin.

Murojaatlarning 49 tasi jismoniy shaxslar, 65 tasi yuridik shaxslar tomonidan berilgan boʻlib, shundan 63 tasi elektron tarzda va 51 tasi ogʻzaki shaklda taqdim etildi.

Koʻrib hal etilgan murojaatlarning 38,6 foizi oʻz vaqtida qanoatlantirilib, 55,3 foizi boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Qolganlari esa tegishliligi boʻyicha boshqa organlarga yuborildi.

Murojaatlarning asosiy qismi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi, bojxona toʻlovlari va imtiyozlar masalalariga taalluqlidir.

Aytish oʻrinliki, har bir murojaat ortida inson taqdiri borligi shaxsiy tarkibga tushuntirib borilmoqda. Natijada murojaatlarning 95,6 foizi 10 kundan oshmagan muddatda koʻrib hal etildi.

Kelgusida ham tadbirkorlik subyektlarini yana-da qoʻllab-quvvatlash, eksportyor korxonalarga huquqiy hamda amaliy koʻmaklar berish, bojxona toʻlovlarini oʻz vaqtida va toʻgʻri undirish, jinoyatchilikka, xususan, kontrabanda tovarlarining, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi avyosiz kurash olib borish, fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida, tekzorlik bilan hal etish kabi asosiy yoʻnalishlar boshqarmaning asosiy strategik yoʻnalishlari boʻlib qoladi.

Otabek ODILOV,

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati rahbari