Hokim, shuningdek, Toshkentda amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan asosiy loyihalar haqida axborot berib, shahar hokimligining oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, “BOMI Engineering & Construction” kompaniyasi prezidenti Kim Dok Yong samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Toshkentning investitsiya salohiyati yuqori ekanligini qayd etdi. U “BOMI Engineering & Construction” kompaniyasining vazifasi va strategik ustuvorliklari haqida soʻzlab, uzoq muddatli va shaffof hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi. Suhbat davomida janob Yong kompaniyaning poytaxtdagi joriy faoliyatiga oid bir qator savollar bilan ham murojaat etdi.
Sh. Umurzakov shahar maʼmuriyati tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidlab, qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: BOMI Engineering & Construction Co., Ltd. – 1992-yilda tashkil etilgan Janubiy Koreya qurilish kompaniyasi boʻlib, sanoat va fuqarolik obyektlari, turar-joy binolari va biznes markazlarini bunyod etishga ixtisoslashgan. Oʻzbekistonda kompaniya “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi loyihasida ishtirok etib, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda “A” toifasidagi biznes markazi qurilishini amalga oshiryapti. Investitsiyalar hajmi 100 million dollardan ortiqni tashkil etadi. BOMI Oʻzbekiston hukumati bilan faol hamkorlik qilib, yuqori texnologiyali loyihalarda ishtirok etish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshib kelyapti.