Sh. Umurzakov mehmonlarga Toshkent shahridagi investitsion imkoniyatlar va qulayliklar, unda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik loyihalar, shuningdek, hokimlik muassisligida tashkil etilgan “Toshkent Invest Kompaniyasi” AJning vazifasi va faoliyati haqida maʼlumot berdi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, shahrimiz aholisining soni oʻsib borishi sharoitida tegishli infratuzilmaviy va ijtimoiy yechimlarga ehtiyoj borligini maʼlum qildi.
Oʻz navbatida, A. Nazarov ham geografik joylashuv, savdo-sanoat imkoniyatlari tufayli Toshkent shahri istiqbolli va ishonchli hamkor ekanligini eʼtirof etib, mavjud savdo-iqtisodiy aloqalarni bir necha baravar kengaytirish imkoniyati borligini aytdi.
Muloqot davomida, A. Nazarov Boshqirdiston Respublikasining imkoniyatlarini taqdim etib, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishni qardoshlik aloqalarini oʻrnatish, yoʻl xaritasini tuzish, respublikaning Oʻzbekistonda vakolatxonasini ochishdan boshlashni taklif qildi. Hamda, “Toshkent Invest Kompaniyasi” AJning faoliyati bilan batafsil tanishishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida taraflar muloqotni davom ettirishga kelishib, ikki tarafdan masʼullarni belgilab oldi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.