Mehmonlarni samimiy qarshi olgan J.Ortiqxoʻjayev tashrif uchun minnatdorlik bildirib, janob Klinnerni yangi lavozimga tayinlov bilan tabrikladi va ushbu uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi bilan Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik jadal va muvaffaqiyatli rivojlanayotganidan dalolat ekanligini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻz navbatida, Tilo Klinner samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, soʻnggi yillarda Toshkentning qiyofasi yanada chiroy ochayotganini, iqtisodiy-ijtimoiy, sanoat sohalarida tez surʼatlardagi oʻsish kuzatilayotganini alohida aytib oʻtdi. U Germaniya fuqarolarini Qobul shahridan evakuatsiya qilishda Oʻzbekiston hukumati tomonidan koʻrsatilgan koʻmakni alohida qayd etib oʻtdi.

Shuningdek, mehmon Oʻzbekiston, xususan, Toshkent shahri bilan Germaniya oʻrtasida oʻzaro foydali hamkorlik uchun imkoniyatlar koʻlami juda kengligini taʼkidladi. Jumladan, u yoʻllar va koʻpriklar qurilishi, energetika, shaharsozlik va infratuzilma, kommunal xizmatlar, tibbiyot, taʼlim, innovatsiya va texnologiyalar sohasida hamkorlik qilishga Germaniyaning qiziqishini maʼlum qildi.

Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekistonga Germaniya biznes-delegatsiyasining tashrifini tashkil qilish masalasini oʻrganib chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.