Toshkent shahar hokimi Qirgʻiziston Hukumati delegatsiyasi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Iyul 2021 1152

    Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Akilbek Japarov rahbarligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

    Delegatsiya tarkibida Qirgʻiziston Respublikasi Bojxona xizmati huzuridagi “Bojxona infrastrukturasi” davlat korxonasi rahbari David Akimbayev va Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi elchisi Ibragim Djunusov ishtirok etdi.

    Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanayotgani, tovar ayriboshlash hajmi yildan-yilga oshib borayotganligini, ayniqsa, keyingi uch yilda muayyan natijalarga erishilganligi qayd etildi.

    Xususan, Toshkent va Bishkek shaharlari oʻrtasida keyingi yillarda iqtisodiy aloqalar rivojlanib borilayotganligi, bu borada Oʻzbekiston va Qirgʻiziston rahbarlarining uchrashuvlaridagi imzolangan hujjatlar muhim asos boʻlayotganligi alohida taʼkidlandi.

    Mehmonlar poytaxtimizda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar, xususan, zamonaviy shaharsozlik, infrastuzilmani rivojlantirish, yoʻllar, koʻpriklar qurilishi, obodonlashtirish sohasidagi ishlarni yuqori baholab, ushbu yoʻnalishlarning har birida, shuningdek, transport sohasidagi tajribani oʻrganish, bu borada Toshkentdagi malakali mutaxassislar bilan birga ishlashga qiziqish bildirishdi. Ushbu masalada Ishchi guruh tuzishni taklif etishdi.

    Jahongir Ortiqxoʻjayev barcha sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan Toshkent shahri ham manfaatdor ekanligini qayd etib, bu borada Bishkek va Qirgʻizistonning yirik shaharlari bilan tajriba almashishga tayyorligini taʼkidladi.