Toshkent shahar hokimligining xabar berishicha, shahar hokimligi bilan kelishilmagan, ayniqsa, yoʻl boʻylab qurilgan noqonuniy inshootlar nafaqat shahar infratuzilmasi, balki aholining kundalik hayoti uchun ham jiddiy muammolar tugʻdirmoqda.
Avtomobil toʻxtash joylari va kirish yoʻllarining yoʻqligi haydovchilarning tez xarid qilish ehtiyojini qondirish uchun boshqa harakatlanuvchilar va piyodalarga noqulayliklar yaratmoqda.
Bundan tashqari, bunday qurilmalar:
• Irrigatsiya tizimiga zarar yetkazib, suv chiqarish kanallarini toʻsib qoʻyadi va bahor mavsumida hududlarni suv bosish xavfini oshiradi.
• Bolalar aravalari va imkoniyati cheklangan shaxslarning harakatlanishini qiyinlashtiradi.
• Shaharning meʼmoriy koʻrinishini buzadi, yashil hududlarga kirishni toʻsadi va umumiy shahar qiyofasiga zid keladi.
“Ayni damda tegishli tahlillar olib borilib, ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Maishiy va tijorat binolari, turar joy imoratlari uchun mavjud hujjatlarining shaharsozlik meʼyorlariga muvofiqligini qayta tekshirishni, koʻchmas mulk sotib olishda ehtiyot boʻlib, yuridik xizmatlardan maslahat olishni tavsiya qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, Toshkent shahri kadastr xizmatlari tomonidan berilgan hujjatlarsiz boshqa hech qanday hujjat turlari qonuniy kuchga ega emas.