Toshkent shahar hokimligi “Paxtakor” FK MChJning ta'sischisi va bosh homiysidir

    Toshkent shahar hokimligi “Paxtakor”ga oʻtkazilgan 7 mlrd soʻm haqida izoh berdi

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-apreldagi “Futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 261-sonli qaroriga asosan “Paxtakor” futbol klubi Toshkent shahar hokimligi balansiga biriktirilishi va hokimiyat bosh homiy bo‘lishi belgilangan. Bu esa futbol klubining xarajatlari asosan Shahar hokimligi mahalliy byudjet daromadlarining orttirilgan qismidan qoplab berilishini anglatadi.

    Ayni kunda “Paxtakor” FK MChJning 334 nafar xodimi bor, ularning 200 ga yaqini sportchilar bo‘lib, bular – asosiy tarkib, ayollar, yoshlar, futzal hamda ularning turli yoshdagi jamoalari hamda murabbiylardir. Jamiyatning qolgan a'zolari esa OFK va O‘FA reglamenti asosida ishlovchi xizmatchilardir. “Paxtakor” FKning akademiyasida esa bugungi kunda 300 dan ortiq yoshlar ta'lim olayotgan bo‘lib, ularning murabbiylari ham MChJ xodimlari sanaladi. Ushbu jamoaning mehnat haqi, balansdagi 2 ta baza, 8 ta stadionni saqlash, futbolchilarni vitaminlar bilan ta'minlash, zarur texnik jihozlar xaridi, viloyatlardagi va chet ellardagi safarlar xarajatlarining barchasi ta'sischi, bosh va boshqa homiylar zimmasidadir.

    Shunga ko‘ra, “Paxtakor” FK MChJ rahbariyatinning Toshkent shahar hokimligiga 2023-yilning 13-iyul kuni yuborilgan xatida 2023-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasiga asosan 2023-yilning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal to‘lovlar va o‘yin o‘tkazish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun klubga 7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi so‘ralgan. Toshkent shahar hokimining 433-14-0-Q23 sonli qarori bilan klub faoliyati uchun zarur mablag‘ ajratilgan.

    Bu mablag‘ futbolni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, uni kimgadir tegishli tizimni moliyalashtirish degan talqin noo‘rin.