Toshkent shahar hokimligida SIEMENS AG mutasaddilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Aprel 2021 817

    Bugun, 16-aprel kuni Toshkent shahar hokimligida Germaniyaning SIEMENS AG mutasaddilari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuvda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev, Energetika vaziri Alisher Sultonov, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari Nazirjon Nazirov, SIEMENS AG direktori Kristian Brux hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdilar.

    Uchrashuvda SIEMENS AG bilan energetika yoʻnalishidagi hamkorlik, xususan, elektrostansiyalar, issiqlik elektr stansiyalarini qurish, vodorod yoqilgʻisi yoʻnalishini rivojlantirish kabi qator sohalardagi hamkorlik masalalari atroflicha koʻrib chiqilib, muhokama etildi.

    SIEMENS AG vakillari hamda mahalliy mutaxassislarimizdan iborat ishchi guruh hududlarda amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha ishlab kelmoqda va bugungi uchrashuv hozirgacha mavjud holatni koʻrib chiqib, istiqboldagi vazifalarni belgilash nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir.

    Qayd etilishicha, yurtimizdagi qator vazirliklar va Toshkent shahar hokimligi SIEMENS AG bilan davlat xususiy sherikchiligi asosida munosabatga kirishishga tayyor. Hamkorlikdagi loyihalar faqat texnika-texnologiya kiritish hisobiga emas, balki birgalikda ishlash asosida rivojlanadi. Zarur hollarda nemis texnikasiga xizmat koʻrsatuvchi servis markazlari ochiladi, mahalliy mutaxassislar oʻqitiladi.

    SIEMENS AG bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi 4 ta Issiqlik stansiyalarini zamon talablari asosida yangilash rejalashtirilgan boʻlib, bu loyiha Stone City ishtirokida amalga oshiriladi.

    Uchrashuvda energetik barqarorlikni oshirish, aholini uzluksiz elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlash, bunga xizmat qiluvchi maskanlar holati va sharoitini toʻliq oʻrganib chiqib, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy talablar asosida ishlatishga oʻtkazish borasida fikr almashildi.

    Taʼkidlash joiz, SIEMENS AG muqobil energiya va vodorod yoqilgʻisini rivojlantirish borasida ham yetakchilardan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan yigʻilishda, bu yoʻnalishlarda ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbolli ekanligi taʼkidlanib, muhokama etilgan barcha masalalar SIEMENS AG mutasaddilari bilan imzolanadigan kelishuvlarga kiritilishi maʼlum qilindi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.