Toshkent shahar IIBB bu xabar haqiqatdan yiroq ekaninin qayd etib, tekshiruv jarayonida quyidagilar aniqlanganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 5-noyabr kuni taxminan soat 20.00 larda 1988-yilda tugʻilgan X.Q. va 1993-yilda tugʻilgan A.N. oʻrtasida qarz masalasida oʻzaro kelishmovchilik boʻlganligi sababli Chilonzor tumanining 20-mavzesida gaplashib olish uchun uchrashishgan.

Orada nizo kelib chiqqanligi sababli X.Q. tomonidan A.N.ga oʻtkir tigʻli jism bilan bir marotaba jarohat yetkazilgan, natijada A.N. “Koʻkrak qafasi chap tomonlama kesilgan, sanchilgan” jarohati bilan tez-tibbiy yordam muassasasiga olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy yordamdan soʻng A.N. shu kunning oʻzida hech kimga daʼvosi yoʻqligini maʼlum qilib, shifoxonadan chiqib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda. Tekshiruv yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi, deyiladi IIBB xabarida.