2021-yil 29-30-sentyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston iqtisodiy forumi” doirasida Moliya vazirligi, Toshkent shahri hokimiyati va “Veolia Energy Tashkent” oʻrtasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash bitimi imzolangan edi.

Unga koʻra, Toshkent shahar issiqlik taʼminoti davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Fransiyaning “Veolia” kompaniyasiga 30 yil muddatga boshqaruvga berildi. Dastlabki 2 yilda “Veolia” pilot loyiha sifatida Bektemir va Sergeli tumanlaridagi 118 ta koʻp qavatli uy va 43 ta ijtimoiy soha obyekti issiqlik tizimlarini modernizatsiya qiladi.

Pilot loyiha doirasida “Veolia” kompaniyasining 15 mln yevro investitsiyasi hisobiga 13,5 mingta issiqlik va 153 mingta issiq suv oʻlchagichlarini oʻrnatish, 142 ta avtotransport, 451 ta texnika va 1 ta mobil qozonxonani xarid qilish, 1 142 ta issiqlik stansiyasini oʻrnatish va rekonstruksiya qilish, 22,3 gkal/s quvvatli lokal qozonlarni modernizatsiya qilish, 53,4 km issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish koʻzda tutilmoqda.

Loyiha amal qilish davrida xususiy sherik tomonidan jami 181 ta inshoot va qozonxonani modernizatsiya qilish, 575,6 km issiqlik tarmoqlarini qurish, 841,1 km tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, 51,5 ming dona issiqlik va 2 464,6 ming dona issiq suv oʻlchagichlarni oʻrnatish, shuningdek, 391 ta maxsus texnika (avtomashinalar) xarid qilinadi.

Mazkur ishlarni moliyalashtirishga xususiy sherik tomonidan 362 mln yevro (shundan, 20 mln yevro toʻgʻridan toʻgʻri investitsiya, 342 mln yevro loyihadan olinadigan foydasi hisobidan) va 982 mln yevro isteʼmolchilardan olinadigan toʻlov mablagʻlari hisobidan jalb qilinadi.

Tariflar keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida aholiga pasaytirilgan tariflarni qoʻllash va koʻriladigan zararlarni qoplash uchun Toshkent shahar byudjetidan 2021-2027-yillarda 8,4 trln soʻm subsidiya ajratiladi.