Xizmat safarining ilk kunida vazir Seul shahar maʼmuriyati qoshida tashkil etilgan transport maʼlumoti xizmati (TOPIS)ga tashrif buyurib, shahar transport tizimini operativ boshqaruv faoliyati, haydovchisiz harakatlanayotgan transport vositalarining pilot loyihalari hamda real vaqt rejimida transport va yoʻl maʼlumotlarini tahlil qilib borish imkoniyatlari bilan tanishdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi safar davomida, Seul shahri jamoat transporti sohasida amalga oshirilgan keng koʻlamdagi islohotlar, xususan, shaharda joriy etilgan avtobus yoʻlaklari (BRT), integrallashgan elektron toʻlov (T-Money) tizimi, daromadlarni tashuvchilar oʻrtasida taqsimlashda “Pool” tizimi, jamoat transport infratuzilmasida aholining zaif qatlamlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishadi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida, xorijiy ekspertlar ishtirokida Toshkent shahri jamoat transporti tizimini isloh qilish boʻyicha ishlar davom etmoqda. Aynan mazkur jarayonda Janubiy Koreya tajribasi asosida shahar transport tizmini rivojlantirish borasida eng maqbul yechimlarni amalda qoʻllash koʻzda tutilgan.