Bitimga asosan, «Ipsum Pathology» MCHJ 3,5 mlrd. soʻm miqdorida investitsiya kiritish orqali onkologik kasalliklarni aniqlashda oʻta muhim boʻlgan patomorfologik laboratoriya tekshirishlarini bugungi bozor narxidan arzon narxlarda, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil qilishi belgilab qoʻyilgan edi.
Kuni kech ushbu loyiha ishga tushdi. Loyihaning amalga tatbiq etilishi bemorlarga toʻgʻri tashxis qoʻyish, samarali davolash, shuningdek, tibbiyot xodimlarining mehnat unumdorligini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Loyihaning eʼtiborli jihati bemorlarda oʻtkaziladigan tahlillarni olish muddati avvalgi 7-10 kundan 3-4 kunga qisqardi. Shuningdek, bemorlarning shifoxonada boʻlish davrini deyarli ikki barobarga kamaytirdi.
Bundan tashqari, laboratoriya tahlil natijalarini elektron shaklda saqlash va uzatish, oʻta yuqori aniqlik bilan xulosalar berish imkoniyati paydo boʻldi. Zarur boʻlganda, nafaqat mahalliy, balki xorijiy davlatlarning malakali shifokorlariga tahlil natijalarini yuborib, maslahatlashish imkoni yaratildi. Bu esa aynan kasallikka toʻgʻri tashxis qoʻyish va davolashni toʻgʻri tanlash uchun qulay sharoit yaratadi. Laboratoriya tahlillari narxi ham boshqa xususiy tibbiyot muassasalariga nisbatan bir necha barobar arzon ekani diqqatga sazovor.
Ayni kunlarda Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy davolash va diagnostika markazlarini tashkil etish, stomatologiya va reabilitatsiya, laboratoriya va gemodializ xizmatlarini rivojlantirish koʻzda tutilgan.