Toshkent shahar Soliq boshqarmasi bosh inspektori pora bilan qoʻlga olindi

    Toshkent shahar Soliq boshqarmasi Soliq auditi boʻlimi bosh inspektoriga nisbatan pora olish jinoyati boʻyicha ish qoʻzgʻatildi. U 5 ming AQSH dollari olgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida Surxondaryo viloyatida roʻyxatdan oʻtgan toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 va 184-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi koʻrib chiqilmoqda.

    Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Toshkent shahar Soliq boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan taftish davomida mazkur MCHJga nisbatan qoʻshimcha 8,7 mlrd soʻm soliq hisoblangan.

    Joriy yilning 15-sentyabr kuni sud tomonidan qayta taftish oʻtkazish boʻyicha ajrim chiqarilgandan keyin bosh inspektor ushbu soliqni bekor qilib berishini vaʼda qilib, MCHJ vakillaridan 5 ming AQSH dollari olgan.

    Biroq, u hisoblangan soliqni toʻliq bekor qila olmagan va olgan pulni qaytarib bergan paytda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.