Toshkent shahri hududida xalqaro terroristik tashkilotining tarafdorlari aniqlanib, qo'lga olindi

    Xavfsizlik 30 Iyun 2020 2276

    Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo'lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi.

    2020 yilning 30 iyun` kuni O'zbekiston Respublikasi DXX, IIV hamda Toshkent shahar DXXB, IIBB xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahri hududida yashirin faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” (“TJK”, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan terroristik deb topilib, mamlakatimiz hududida uning faoliyati taqiqlangan) xalqaro terroristik tashkilotining bir guruh tarafdorlari fosh etildi.

    Xususan, IIV huzuridagi Tergov Departamenti yurituvida bo'lgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahrining Olmazor va SHayxontohur tumanlari hududidagi 8 ta manzillarda tintuv tadbirlari o'tkazilib, 11 nafar shaxslar ichki ishlar idoralariga keltirildi.

    Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada terroristik faoliyat olib borayotgan “TJK” jangarilarining g'oyaviy ta'siriga tushgan holda Toshkent shahrida yashirin guruh tuzib, noqonuniy yig'ilishlar davomida internet tarmog'i orqali ko'chirib olingan ekstremistik mazmundagi materiallarni muhokama qilib kelishgan hamda “hijrat” va “jihod” amallarini bajarish maqsadida Suriya davlatiga chiqib ketishni rejalashtirishgan.

    Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo'lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi.

    Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

    Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo'l qo'ymaslik maqsadida, buzg'unchi g'oyalar ta'siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da'vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklarini, ularni saqlamasliklarini va tarqatmasliklarini so'raymiz.