Hujjatga koʻra, Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligining Toshkent shahrining 10 ta markaziy koʻchasida pulli avtomobil toʻxtash joylari tarmogʻi (parkomatlar) pilot loyihasini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik beriladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan parkomatlarda aniqlangan yoʻl harakati qoidalari buzilishi uchun jarimalar summasining 20 foizi — Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga, 80 foizi — xususiy sherikning hisob raqamiga oʻtkaziladi.

Shuningdek, Toshkent shahri markaziy koʻchalaridagi parkomatlarda:

  • nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yoʻl belgilari va yoʻl chiziqlari vositasida maxsus ajratilgan qismlarda nogironligi boʻlmagan haydovchilar avtomobilni toʻxtatishi;
  • parkomatlardan foydalanganda ushbu xizmat uchun toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagani va avtomobil belgilangan tartibda joylashtirilmagani aniqlanganda, oʻrnatilgan tartibda haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yoʻlkalaridan yurgizishi, yoʻl belgilari va yoʻl harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmaslik holatlariga tenglashtiriladi hamda maʼmuriy jazo qoʻllanishi uchun asos hisoblanadi.

Toʻlov tizim quyidagicha amalga oshiriladi:

  • Hokimlik tomonidan tashkil etilgan parkomatlarda pulli avtomobil toʻxtash joyiga joylashtirish narxlari aholining zichlik darajasi va shahar koʻchalarining qatnov qismlarini oʻtkazish qobiliyatini hisobga olgan holda hokimlik tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan narxlarni belgilash meʼzonlari va tartibiga asosan belgilanadi;
  • Narxlarni belgilash meʼzonlari va tartibi Oʻzbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
  • Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan parkomatlarda avtomobil toʻxtash joyiga joylashtirish narxi va eng kam hisob-kitob vaqti davlat-xususiy sheriklik shartnomasiga asosan belgilanadi;
  • Parkomatdan foydalanganlik uchun haq toʻlash avtomobil toʻxtash joylari talonlari va (yoki) shartnoma asosida naqd va naqd boʻlmagan shaklda amalga oshiriladi;
  • Haq toʻlash uchun foydalanuvchi avtomatik elektron toʻlash texnik vositalaridan foydalanishi mumkin boʻladi;
  • Foydalanuvchi parkomatlardan foydalanganlik uchun toʻlovni oldindan shartnoma asosida naqd va naqd boʻlmagan shaklda elektron tizimlari yoki mobil ilovalar yordamida amalga oshirishi lozim. Bunda foydalanuvchi parkomat oʻrnatilgan joydan 10 daqiqa mobaynida bepul foydalanish huquqiga ega boʻladi;
  • Toʻlovni amalga oshirishda foydalanuvchi avtomobilning davlat raqami, avtomobil toʻxtash joyiga kelgan sanasi va vaqtini, toʻxtash joyi nomini (raqamini), avtomobilni qancha muddatga joylashtirishini koʻrsatadi;
  • Foydalanuvchi parkomatdan foydalanishi uchun oldindan avtomatik ravishda avtomobil toʻxtash joyi talonini oladi;
  • Talonda avtomobilning davlat raqami, foydalanuvchi parkomatga kelgan sanasi va vaqti koʻrsatiladi. Bu avtomobilni vaqtinchalik joylashtirish uchun foydalanuvchi va parkomatning egasi oʻrtasida tuzilgan ommaviy shartnoma hisoblanadi;
  • Foydalanuvchi avtomobilni saqlash uchun parkomatda toʻlangan muddat oʻtgandan soʻng avtomobilni olib chiqib ketishi yoki keyingi muddatga toʻlovni oʻrnatilgan tartibda amalga oshirishi kerak boʻladi;
  • Foydalanuvchi avtomobil toʻxtash joyi talonini qoʻliga olgach, uni avtomobil asboblar panelida nazoratchi koʻrishi uchun qulay joyga qoʻyishi shart boʻladi. Avtomobil toʻxtash joyi taloniga pulli avtomobil toʻxtash joyi uchun toʻlangan vaqt haqida axborot (avtomobil toʻxtash joyi narxi – 1 soat, 1 soat 30 daqiqa va hokazo), talondan foydalanilgan sana va vaqt kiritilgan boʻlishi kerak;
  • Parkomatlardan pulli foydalanish vaqti hokimlik tomonidan belgilanadi;
  • Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan parkomat ish rejimi hamda daromadlarning (foydaning) taqsimlanishi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda kelishilgan tartibda belgilanadi;
  • Parkomatlardan bepul foydalanish huquqi faqat I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar boshqarayotgan old va orqa oynalariga “7.17” yoʻl belgisi tasviri tushirilgan avtomobillarga hamda maxsus (Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, yongʻin xavfsizligi xizmati, tez tibbiy yordam) avtomobillarga ular bevosita avtomobil toʻxtash joyi hududida oʻz xizmatlarini oʻtayotgan vaqtda beriladi.

Parkomatlardan foydalanish tartibi quyidagicha belgilanmoqda:

  • Parkomatlarning ish soatlari haqidagi axborot 5.15 “toʻxtab turish joyi” axborot belgisi ostida joylashgan 7.5.4 - 7.5.7 “amal qilish vaqti” qoʻshimcha axborot belgisida (tablichkada) koʻrsatiladi.
  • Foydalanuvchi parkomatlardan foydalanganda avtomobillarni chizilgan chiziqqa qarab joylashtiradi.

Parkomatlar yoni axborot tablolari bilan jihozlanadi, ularga quyidagi maʼlumotlar joylashtiriladi:

  • koʻrsatiladigan xizmatlarga haq toʻlash tartibi, usullari va toʻlov miqdori;
  • parkomatdan foydalanish va avtomobil maxsus ajratilgan joyga vaqtincha qoʻyilganligi uchun toʻlov undirish huquqi berilgan xususiy sherikning toʻliq rasmiy nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
  • parkomatdan foydalanish qoidalari;
  • eng yaqin ichki ishlar boʻlinmasi manzili va telefon raqami;
  • isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi hududiy boʻlinma manzili va telefon raqami.