Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining maʼlum qilishicha, joriy yilning 8 oyi davomida Toshkent shahridagi byudjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan boshlangʻich narxi jami 2 trillion 590 milliard 900 million soʻmlik 1 ming 974 ta tanlov (tender) savdolari oʻtkazilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida umumiy boshlangʻich qiymati 107,12 milliard soʻmlik 156 ta tanlov (tender) savdolarida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi hamda “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun buzilishi holatlari aniqlangan.
Bunday qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan 66-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab, Bektemir, Mirobod, Yashnobod, Mirzo Ulugʻbek tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari, Yashnobod tuman Xalq taʼlimi boʻlimi, “Uzbekistan Airways Technics“ MCHJ, R. Gliyer nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ “Koʻprikqurilish tresti” UK qoshidagi 13-Koʻprikqurilish otryadi, Olmazor tuman hokimligi, Mirobod tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, ”Toshkent issiqlik markazi“ DUK Toshkent koʻpriklardan foydalanish unitar korxonasi, ”Uz Chasys“ MCHJ, “Otel Oʼzbekiston” MCHJ, Koʻzi ojizlar maktab-internati, Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan salomatlik shifoxonasi, Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi akademik litseyi va boshqa 52 ta tashkilotga ish qoʻzgʻatilgan va tegishli koʻrsatmalar berilgan.
Shuningdek, 23 ta xarid buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilingan. 81 ta xaridda yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilish yuzasidan chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga maʼlumot kiritilgan.