Toshkent shahrida 29 ta arxitektura yodgorligiga oʻzboshimchalik bilan zarar yetkazilgan — Bosh prokuratura

    Madaniyat 23 Sentabr 2022 1413

    Bosh prokuratura tomonidan mutasaddi idoralar bilan birgalikda hozirga qadar foydalanib kelinayotgan arxitektura yodgorliklarining ahvoli Toshkent shahrida oʻrganildi.

    Poytaxtda mavjud 290 ta tarixiy binolarning 167 tasi tashkilot va idoralar tomonidan foydalanilmoqda.

    Oʻrganishlar foydalanuvchilar tomonidan obyektlardan notoʻgʻri foydalanish va zarar yetkazish holatlari mavjudligini koʻrsatdi.

    Jumladan, oʻzboshimchalik bilan 29 ta arxitektura yodgorligiga zarar yetkazgan holda 818 dona konditsioner hamda 20 ta obyektga 36 ta soyabon va banner oʻrnatilgan.

    Masalan, davlat muhofazasiga olingan Toshkent iqtisodiyot universiteti binosiga 30 ta, Fanlar akademiyasiga 49 ta yoki Transport universitetiga 98 ta konditsioner oʻrnatilgan.

    Nazorat tadbirlarida 21 ta obyektdagi qonun buzilishi holatlari foydalanuvchilarning oʻzi tomonidan bartaraf etilishi taʼminlandi.

    Shu bilan birga, 25 ta obyekt foydalanuvchisiga nisbatan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar qoʻzgʻatilib, sudlarga yuborildi.

    Xususan, “Oʻzarxiv”, Badiiy akademiya, Fanlar akademiyasi, Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi, “Geologiya muzeyi”, “Boshplan LITI” korxonasi va boshqa idoralar masʼul shaxslarining javobgarlik masalasi hal etildi.