Butunjahon Hunarmandlar Kengashi – Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasining Bosh Assambleyasini 2020-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazish koʻzda tutilayotir. Assambleyani oʻtkazishda 34 ta mamlakatdan 80 dan ortiq delegatlar qatnashadi.
Ushbu anjumanda Butunjahon Hunarmandlar Kengashi Prezidenti Rozi Grinliz, tashkilotning Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi Prezidenti Gada Qaddumi, Boshqaruv Kengashi aʼzolari hamda aʼzo mamlakatlar milliy tashkilotlari ishtirok etadi.
Bosh Assambleyada asosiy masalalardan biri keyingi 2021–2024-yillar uchun Butunjahon Hunarmandlar Kengashi – Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi Prezidentligini Oʻzbekistonga olish boʻlib, ushbu nufuzli tadbir doirasida Xalqaro Simpozium va hunarmandlar ishtirokida koʻrgazma tashkil etish ham koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari mamlakatimizda hunarmandchilikka berilayotgan yuksak eʼtibor va 2021-yilning sentyabr oyida Qoʻqon shahrida tashkil etiladigan 2-Xalqaro Hunarmandchilik Festivaliga koʻrilayotgan tayyorgarlik haqida maʼlumotlar berildi.
Uyushma Axborot xizmati